Mudhish voqea poytaxt Sofiyani Qora dengiz bo‘yidagi Burgas shahri bilan bog‘lovchi avtomagistralning ikki qismida yuz bergan. O‘nlab odamlar jarohatlangan, yo‘lning har ikki yo‘nalishida harakat to‘xtatilgan.
10-noyabr kuni Bolgariya sharqidagi Frakiya avtomagistralining ikki joyida quyuq tuman sabab yirik yo‘l-transport hodisalari yuz berdi. Bu haqda mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Katya Ivkovaga tayanib, Associated Press xabar berdi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 2 avariyada jami 86 ta transport vositasi to‘qnashgan. Ulardan 63 tasi Burgas, 23 tasi esa Sofiya yo‘nalishida harakatlanayotgan bo‘lgan. Dastlabki to‘qnashuv yuk mashinasi va yo‘lovchi avtobusi o‘rtasida yuz bergan.
Vazirning aytishicha, 10 kishi voqea joyida halok bo‘lgan, yana ikki kishi shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan. Jarohatlanganlar shifoxonalarga yetkazilgan. Hodisalardan so‘ng avtomagistralda har ikki yo‘nalish bo‘yicha harakat to‘xtatilgan.
Voqea joyida 14 ta o‘t o‘chirish ekipaji ish olib borgan. Jarohatlanganlarni tashish uchun Burgasga Spartan rusumli harbiy transport samolyoti ham yuborilgan.
Ivkova ma’lum qilishicha, jabrlanganlarning 27 nafari Sliven, 12 nafari Yambol va yetti nafari Burgas shifoxonalariga yotqizilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111020 | Инструменты