Qurbonlar 16 taga yetdi: Turkiyadagi metallurgiya zavodida portlash yuz berdi

Turkiyaning Izmir shahri Aliog‘a tumanidagi HABAŞ metallurgiya zavodida portlash yuz berib, yong‘in chiqdi.

Hodisa mahalliy vaqt bilan soat 11:30 atrofida Chakmakli mahallasidagi Otaturk ko‘chasida joylashgan zavodda sodir bo‘ldi. Portlash haqida xabar kelib tushishi bilanoq hodisa joyiga o‘t o‘chirish bo‘linmalari va tez yordam brigadalari jo‘natildi.

Aliog‘a tumanidagi HABAŞ zavodi HABAŞ guruhiga tegishli po‘lat quyish korxonasi bo‘lib, 1987 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bu to‘liq siklli majmua bo‘lib, yiliga 4,5 million tonnagacha suyuq po‘lat ishlab chiqarish quvvatiga ega. Zavod dengiz portidan taxminan 7 km masofada joylashgan.

Ichki ishlar vaziri Mustafo Chiftchi portlash oqibatida bir necha kishi jabrlanganini ma’lum qildi, biroq jarohatlanganlarning aniq sonini ochiqlamadi. Milliyet nashrining yozishicha, gap korxona ishchilari haqida bormoqda.

Keyinchalik portlash oqibatida halok bo‘lganlar soni 16 nafarga yetgani, yana 13 kishi jarohatlangani, ulardan ikki nafarining ahvoli og‘irligi aytildi. Bu haqda Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqarada o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha xalqqa murojaatida ma’lum qildi.

NTV telekanali bergan ma’lumotga ko‘ra, vayronalar ostida odamlar qolmoqda. Qutqaruv xizmatlari yong‘inni o‘chirish va hodisa oqibatlarini bartaraf etish ishlarini davom ettirmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111010 | Инструменты