Dollar nega arzonlashyapti? Markaziy bank sabablarini ochiqladi

2026-yilning dastlabki 9 oyi davomida Oʻzbekistonning ichki bozorida chet el valyutasi (asosan AQSH dollari)ning koʻpayishi unga boʻlgan ehtiyojdan koʻra tezroq shakllandi. Bu haqda MB ma'lumot berdi.

Xorijiy valyutaga boʻlgan talab 50,4 mlrd AQSH dollarini tashkil etib, 2025-yilning mos davriga nisbatan 17,9% ga oshdi. Ichki valyuta bozorida xorijiy valyuta taklifi (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmagan holda) 43,8 mlrd dollarni tashkil etib, 2025-yilning yanvar - sentabr oylariga nisbatan 25,3% ga oʻsdi.

2026-yilning dastlabki 9 oyida yuridik shaxslar oʻrtasida dollar/yevro sotish va sotib olish ko'paygan, bozorga chet el valyutasi juda katta hajmda kirib kelgan. Biznes vakillari (import qiluvchilar, xorijdan uskuna yoki xomashyo sotib oluvchilar) oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15,3% koʻproq xorijiy valyuta sotib olishgan. 

Garchi tadbirkorlarning dollarga boʻlgan ehtiyoji (talabi) 15,3 foizga oshgan boʻlsa-da, bozorga kiritilgan dollar miqdori deyarli ikki barobar tezroq sur'atda (26,7 foizga) koʻpaygan.

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning eksport tushumlari ushbu davrda 28,1 foizga oshib, 16,6 mlrd dollarni tashkil etdi.

Eksport tushumlarining 9,5 mlrd dollari ichki valyuta bozorida sotildi. Jismoniy shaxslarning banklar bilan amalga oshirgan operatsiyalarining ijobiy saldosi ichki valyuta bozorida qoʻshimcha taklif manbai boʻlib xizmat qilmoqda.

Saldoning ijobiy boʻlishi aholi bankdan sotib olgan dollardan koʻra, bankka sotgan dollari miqdori ancha koʻp boʻlganini anglatadi. Masalan, odamlar bankdan 100 dollar sotib olgan boʻlsa, bankka 150 dollar sotgan

Aholi tomonidan tijorat banklariga 18,9 mlrd dollar sotildi. Ushbu koʻrsatkich 2025-yilning 9 oylik yakunlariga nisbatan 1,2 barobarga oshdi.

2026-yilning yanvar-sentabr oylarida xalqaro pul oʻtkazmalari orqali Oʻzbekistonga 15,2 mlrd dollar kelib tushgan boʻlsa, 2 mlrd dollar chiqib ketdi hamda 13,2 mlrd dollarlik ijobiy saldo yuzaga keldi.

Joriy yilning dastlabki 9 oyi davomida milliy valyuta ayirboshlash kursi 1 AQSH dollari uchun 11 765 – 12 320 soʻm diapazonida tebrandi va sentabr oyi yakunida 11 821 soʻmni tashkil etgan holda, yil boshiga nisbatan 1,5 foizga qadri oshdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111017 | Инструменты