Oʻzbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi: 3,3 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida amalga oshirish rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.

Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi (OQXJ) 1993-yilda Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan tashkil etilgan. Oʻtgan yillarda mintaqa davlatlari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan oʻzaro samarali hamkorlik hamda qator xalqaro tashkilotlarning koʻmagi tufayli jamgʻarma Orol dengizi havzasi suv resurslarini kelishilgan holda boshqarishni taʼminlashga erishdi.

Markaziy Osiyoda suv taqchilligining kuchayishiga olib kelayotgan iqlim oʻzgarishlari va suv isteʼmoli koʻpayib borayotgan bugungi sharoitda jamgʻarmaning roli va ahamiyati yanada ortib bormoqda. Oʻzbekiston 2027-2029-yillarda Orolni qutqarish Xalqaro jamgʻarmasiga raislik qiladi.

Suv resurslari, ekologiya va ijtimoiy-iqtisodiy yoʻnalishlarni qamrab olgan 133 ta loyiha ishlab chiqilgani taʼkidlandi. Xususan, ushbu loyihalar doirasida suv xoʻjaligi inshootlarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish, suv resurslarini taqsimlash, hisobga olish hamda monitoring qilishning avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish, gidrometeorologik maʼlumotlar monitoringi, toshqinlar va qurgʻoqchilik boʻyicha prognozlash hamda erta ogohlantirishning mintaqaviy raqamli platformasini yaratish, aholini ichimlik suvi va sanitariya xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish kabi koʻplab chora-tadbirlar ilgari suriladi.

Mazkur loyihalar Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yashil iqlim jamgʻarmasi, Global ekologik jamgʻarma hamda boshqa xalqaro tashkilotlar koʻmagida moliyalashtiriladi, ularning qiymati esa 3,3 milliard dollarni tashkil etadi. 

Prezident ushbu loyihalarni oʻz vaqtida amalga oshirish muhimligini taʼkidlab, kelgusi yilda bajariladigan ishlarga doir oylar kesimida “yoʻl xaritasi”ni tasdiqlash va ijrosini tashkil etishni topshirdi. Loyihalarni hayotga tatbiq etishga xalqaro ekspertlar, professor-olimlar va xorijdagi vatandoshlarni ham jalb etish lozimligi koʻrsatib oʻtildi.

Taqdimotda Oʻzbekistonning OQXJga raisligi davridagi ustuvor masalalar ham muhokama qilindi. Jamgʻarma tuzilmasi va shartnomaviy-huquqiy bazasini takomillashtirishni davom ettirish, uning organlari vakolatlarini aniq taqsimlashni taʼminlash, Afgʻoniston bilan konstruktiv hamkorlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat beriladi. Jamgʻarma kun tartibini Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari qarorlari bilan uygʻunlashtirish va boshqa koʻplab masalalar eʼtibor markazida boʻladi.

Shuningdek, jamgʻarma faoliyatini ilmiy-tahliliy qoʻllab-quvvatlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Bunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti uning tashabbuslarini amalga oshirishda ilmiy-tahliliy platforma boʻladi.

Shu maqsadda universitet faoliyati transformatsiya qilinadi. Taʼlim va tadqiqot jarayoniga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish ishlari jadallashadi, ekologik tiklanish va suv tejamkorligi boʻyicha tadqiqotlar kengaytiriladi, zamon talablaridan kelib chiqib ilgʻor kadrlarni tayyorlashga yondashuv kuchaytiriladi.

Xususan, Amudaryo va Sirdaryo havzalari boʻyicha maʼlumotlarning yagona bazasi yaratiladi, choʻllanishga qarshi mintaqa olimlari bilan qoʻshma loyihalar ishlab chiqilib, investitsiya va grant mablagʻlari jalb qilinadi, Markaziy Osiyo va Afgʻoniston uchun suv xoʻjaligi boʻyicha bakalavriat va magistratura dasturlari ishga tushiriladi.

Davlat rahbari mutasaddilarga Oʻzbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasiga raisligi davrida rejalashtirilgan chora-tadbirlarni oʻz vaqtida, sifatli va toʻliq amalga oshirish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan qoʻshni davlatlar bilan aloqalarni yanada faollashtirish, viloyat hokimlarining ishtirokini taʼminlash, qoʻshma taʼlim va tadqiqotlar orqali mintaqada suv diplomatiyasini yangi bosqichga olib chiqish yuzasidan qator topshiriqlar berdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110921 | Инструменты