Yangi yoʻlak Shahrisabz koʻchasining Amir Temur shohkoʻchasi bilan kesishmasidan Maxtumquli koʻchasi bilan kesishmasigacha boʻlgan oraliqda - Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidan Toshkent shahar 6-son tugʻuruq majmuasigacha masofada joylashgan.
Toshkent shahri Shahrisabz koʻchasida uzunligi qariyb 1 kilometr boʻlgan yangi alohida avtobus yoʻlagi foydalanishga topshirildi. Bu haqda Yoʻl harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Xabarga koʻra, endilikda Shota Rustaveli va Shahrisabz koʻchalari boʻylab tashkil etilgan uzluksiz BRT (bus rapid transit) yoʻlagining umumiy uzunligi qariyb 8 kilometrga yetdi.
Yangi yoʻlak Shahrisabz koʻchasining Amir Temur shohkoʻchasi bilan kesishmasidan Maxtumquli koʻchasi bilan kesishmasigacha boʻlgan oraliqda - Toshkent davlat sharqshunoslik universitetidan Toshkent shahar 6-son tugʻuruq majmuasigacha masofada joylashgan.
Qayd etilishicha, yoʻlning markaziy qismida tashkil etilgan BRT yoʻlaklari avtobuslarning umumiy transport oqimidagi tirbandliklarga bogʻliqligini kamaytiradi. Natijada avtobuslarning kechikishi qisqaradi, qatnovlar muntazamligi oshadi va yoʻlovchilar manzilga yetib borish vaqtini aniqroq rejalashtirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Shuningdek, xabarda aytilishicha, poytaxtning Sergeli va Yunusobod tumanlarini istiqbolda oʻzaro bogʻlaydigan yagona transport yoʻlagi bosqichma-bosqich shakllantirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102612 | Инструменты