Poytaxt hokimligidagi tekshiruvlar sabab tizimda 24 nafar xodim ishdan bo'shatildi

Toshkent shahar hokimligi tizimida manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi yuzasidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida 24 nafar xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Yana yetti nafar xodim 21 ta tijorat tashkilotining ta’sischiligidan chiqdi. Bu haqda shahar Kengashining 23-oktabrdagi qarorida ma’lum qilingan.

Unga ko‘ra, 9 nafar xodim ishtirokidagi 10 ta tijorat tashkiloti tugatish jarayoniga o‘tkazilgan. Yana 6 nafar xodim ishtirokidagi 5 ta tijorat va notijorat tashkiloti tugatilib, davlat reyestridan chiqarilgan. Bundan tashqari, 6 nafar xodim tijorat tashkilotlaridagi rahbarlik faoliyatini to‘xtatgan.

Qonunchilik talablarini buzgan hokimliklarning 49 nafar xodimi bilan yakka tartibda profilaktik suhbatlar o‘tkazilgan. Yana 55 nafar xodimga oid masalalar odob-axloq komissiyalarida ko‘rib chiqilib, ular ogohlantirilgan.

Hujjatda Chilonzor va Shayxontohur tumanlari hokimliklarining ikki nafar xodimi o‘rindoshlik asosida ishlashi bilan bog‘liq qoidabuzarliklar ham alohida qayd etilgan. Ulardan biri Toshkent shahar turizm boshqarmasidagi o‘rindoshlik faoliyatini to‘xtatgan. Mazkur holatlar bo‘yicha materiallar shahar prokuraturasiga yuborilgan.

Korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvi haqida xabarlarni qabul qilish uchun hokimlik tizimidagi 55-507-01-10 ishonch telefoni hamda TShH_antikorrupsiya Telegram-boti yangilanib, qayta ishga tushirilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102612 | Инструменты