Shavkat Mirziyoyev para sportchilarimizning Xitoy va Yaponiyadan keyingi 3-o'rinni zabt etganini chinakam qahramonlik deb atadi
Matonatli va qahramon o‘g‘il-qizlarim!
Hurmatli ustoz-murabbiylar!
Muhtaram ota-onalar!
Avvalo, barchangizni Yaponiyada bo‘lib o‘tgan V yozgi Paraosiyo o‘yinlarida O‘zbekiston jamoasi tom ma’noda tarixiy g‘alabani qo‘lga kiritgani bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Mard va jasur farzandlarimiz Osiyo qit’asining 45 ta davlatidan 2 ming 600 nafardan ziyod kuchli para sportchi ishtirok etgan ushbu nufuzli musobaqalarda chinakam jasorat va matonat ko‘rsatib, mamlakatimiz sporti tarixida yana bir shonli sahifa ochganlari barchamizga cheksiz g‘urur bag‘ishlaydi.
Sizlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechgan bellashuvlarda 45 ta oltin, 49 ta kumush va 51 ta bronza medalni qo‘lga kiritib, Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘targaningiz yuksak tahsinga munosibdir.
Sizlarning har bir chiqishingizni yurtimizdagi millionlab muxlislaringiz katta qiziqish va hayajon bilan kuzatib bordi.
Butun O‘zbekiston xalqi Yaratgandan omad va zafarlar tilab, sizlarni chin dildan qo‘llab-quvvatladi.
Ayniqsa, sizlar ulkan azmu shijoatingiz bilan sporti jadal rivojlanayotgan Hindiston, Janubiy Koreya, Eron, Tailand, Indoneziya kabi davlatlar jamoalarini ortda qoldirib, Xitoy Xalq Respublikasi va Yaponiyadan keyin uchinchi o‘rinni zabt etganingiz – chinakam qahramonlikdir.
Sizlar Paraosiyo o‘yinlarida nafaqat chempionlik maqomini, balki butun xalqimizning ishonchini, Vatanimiz sha’ni va g‘ururini munosib himoya qildingiz.
O‘zbekiston sport delegatsiyasi qo‘lga kiritgan oltin medallarning teng yarmi qizlarimiz hissasiga to‘g‘ri kelganini alohida mamnuniyat bilan ta’kidlashni istardim.
Shiddatli bahslarda yurtdoshlarimiz jahon va Osiyo rekordlarini yangilab, o‘zbek para sportining imkoniyatlari cheksiz ekanini yana bir bor isbotladilar.
Pauerliftingchi qizimiz Ro‘za Qo‘ziyeva delegatsiyamiz hisobiga oltin medal taqdim etish bilan birga jahon rekordini o‘rnatdi. Madina Muxtorova, Karomat Omonova yadro uloqtirishda, Shahina Yigitaliyeva nayza uloqtirishda, Navro‘za Ahmadova disk uloqtirishda, Xurshid Qodirov 100 metrga yugurishda, Yegor Bolotov 100 metrga chalqancha suzish va 200 metrga kompleks suzish dasturlarida, delegatsiyamiz tarkibidagi eng yosh sportchilarimizdan 16 yoshli Lolaxon Qodirova qizimiz 50 metrga erkin usulda suzishda Osiyo rekordini qayd etdi.
Bundan tashqari, para velosport, pauerlifting va para yengil atletika sport turlari bo‘yicha ham 16 nafar vakilimiz Paraosiyo o‘yinlari rekordini yangilashga muvaffaq bo‘ldi.
Dmitriy Xorlin to‘rtinchi bor, Bobirjon Omonov, Husniddin Norbekov, Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev, Faxriddin Hamroyev uchinchi bor Paraosiyo o‘yinlari shohsupasiga ko‘tarilgan bo‘lsa, Asila Mirzayorova, Shahina Yigitaliyeva, Guljonoy Naimova, Ro‘za Qo‘ziyeva ikkinchi marotaba qit’ada tengsiz ekanini amalda tasdiqladilar.
Shuningdek, Madina Muxtorova, Navro‘za Ahmadova, Mubinabonu Xalilova raqiblariga hech bir imkoniyat qoldirmasdan, ikki karra, Xurshid Qodirov esa uch karra oltin medal sohibiga aylandi.
Paraosiyo o‘yinlarida birinchi marta ishtirok etgan Yegor Bolotov para suzish dasturlarida 4 ta oltin va 1 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Para velosport bo‘yicha jahon birinchiligida O‘zbekistonga ilk tarixiy oltin medalni olib kelgan delegatsiyamiz bayroqdori Marjona Pardaboyeva Paraosiyo bellashuvlarida ham yetakchilikni saqlab qoldi va ikki karra Osiyo chempioni degan sharafli nomga sazovor bo‘ldi.
Delegatsiyamizning 15 yashar a’zosi Boburbek Toshtemirov para velosportning trek bahslarida O‘zbekistonning Paraosiyo o‘yinlaridagi birinchi oltin medalini qo‘lga kiritish bilan birga eng yosh chempion sifatida ham tarixga kirdi.
Bularning barchasi – sizlarning tinimsiz mehnatingiz, bukilmas irodangiz, iste’dod va mahoratingiz, qolaversa, yurtimizda inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan tizimli ishlarimiz natijasi, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Fursatdan foydalanib, mana shunday dovyurak va pahlavon farzandlarni tarbiyalagan, ezgu intilishlaringizni doimo qo‘llab-quvvatlab kelayotgan ota-onalaringiz, mohir va jonkuyar murabbiylaringizga chin yurakdan minnatdorlik izhor etaman.
Qadrli do‘stlar!
Hurmatli sportchilar!
Sizlar Aichi–Nagoya maydonlaridagi yorqin g‘alabangiz bilan Yangi O‘zbekistonda Paralimpiya harakati yuqori bosqichga ko‘tarilgani, bu yo‘lda yangi oltin avlod shakllanganini butun dunyoga namoyon etdingiz.
Bir fikrni alohida ta’kidlab aytmoqchiman: sizlar taqdirning har qanday sinovlariga qaramasdan, faqat g‘alaba, ezgu maqsad va yuksak marra sari intiladigan insonlarsiz. Mana shunday fazilatlaringiz yanada ziyoda bo‘lsin!
Ishonchim komil, Yaponiya zaminida erishilgan natija, to‘plangan tajriba 2028 yil Los-Anjelesda o‘tadigan Paralimpiya o‘yinlari uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi.
Sizlar jahonning ana shu eng nufuzli o‘yinlariga ham albatta munosib tayyorgarlik bilan borasiz!
Kelgusi faoliyatingiz yanada yorqin zafarlarga albatta boy bo‘ladi!
Yangi O‘zbekistonning buyuk sport solnomasini yaratishda sizlarga hamisha omad yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!
Alpha version: 0.9.1.19 build 102521 | Инструменты