O'zbekistonda 42,3 ming km avtomobil yo‘llarini qish mavsumiga tayyorlash uchun 150 mlrd so‘m yo‘naltirildi

OAV uchun kontent tayyorlash markazida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Axborot xizmati rahbari avtomobil yo‘llarini kuz-qish mavsumiga tayyorlash va dovonlarda transport vositalarining xavfsiz harakatini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berdi.

Qayd etilishicha, respublikadagi 42 371 kilometr umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llarini qish mavsumiga tayyorlash uchun 150 mlrd so‘m yo‘naltirildi. Qor va muzlamalarga qarshi kurashish maqsadida 70 900 tonna texnik tuz va 113 200 kub metr qum zaxirasini yaratish rejalashtirilgan. Belgilangan rejaga muvofiq, ushbu zaxiralarni 1-noyabrga qadar to‘liq shakllantirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, yo‘llarning xavfli uchastkalarida ishlash uchun 18 236 nafar ishchi va mexanizatordan iborat maxsus brigadalar tashkil etilmoqda.

Qish mavsumida uzluksiz harakatni ta’minlash uchun 2 140 ta yo‘l texnikasi tayyorlanmoqda. Ular orasida 423 ta qor tozalash va qum sepish mashinasi hamda 211 ta old qor surgich mavjud. Qamchiq, Oqrabod, Chak-Chak, Taxtaqoracha va Jizzax dovonlari, shuningdek, boshqa xavfli yo‘l uchastkalarida kuchaytirilgan navbatchilik tashkil etilib, tun-u kun ishlaydigan dispetcherlik aloqasi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101221 | Инструменты