Prezident Gurbanguli Berdimuhamedovni Turkmaniston tomonidan Avazada boʻlib oʻtgan Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvi, MDH sammiti va Kaspiy ekologik forumiga samarali raislik qilingani hamda ularni muvaffaqiyatli oʻtkazilgani bilan samimiy tabrikladi
Shavkat Mirziyoyev 12-oktabr kuni Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqot qildi.
Turkmanistonning mintaqaviy muloqot va koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim rolini namoyon etgan mazkur tadbirlar alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi. Erishilgan kelishuvlar mintaqada izchil taraqqiyot va osoyishtalikni taʼminlashga qaratilgan sheriklikning yangi istiqbollarini ochmoqda.
Tomonlar oʻzaro savdo hajmini yanada oshirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish, energetika, transport va qishloq xoʻjaligi sohalarida loyihalarni amalga oshirish, transport-logistika sohasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash hamda madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish muhimligini taʼkidlashdi.
Avazada Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida Oliy darajadagi strategik sheriklik kengashini tashkil etish toʻgʻrisida tarixiy shartnoma imzolanganiga alohida eʼtibor qaratildi.
Ushbu mexanizmni ishga tushirish ikki tomonlama kun tartibining ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha saʼy-harakatlarni tizimli muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Yakunda koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalari, mushtarak tarix va madaniy anʼanalarga asoslangan Oʻzbekiston – Turkmaniston hamkorligini izchil rivojlantirish hamda Markaziy Osiyoda tinchlik, osoyishtalik va barqaror taraqqiyotni yanada mustahkamlashga oʻzaro intilish qatʼiy ekani taʼkidlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101221 | Инструменты