O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya - "O‘Z" falsafasi: Prezident Yangi O'zbekistondagi qurilishlar haqida

Yangi Toshkent loyihalariga xorijlik sarmoyadorlar qiziqishi yuqori. Ular uchun dastlabki 50 ta lot belgilandi. Ularning joylashuvi, loyiha imkoniyatlari, iqtisodiy hisob-kitoblari va yangi yengilliklarni o‘z ichiga olgan aniq takliflar paketi elchilarga yetkaziladi. Bu haqda Prezident Yangi Toshkent qurilishini jadallashtirish masalalari yuzasidan investor va tadbirkorlar bilan ochiq suhbatda aytdi.

Yig'ilishda xorijdagi diplomatik vakolatxonalarga chet eldagi sarmoyadorlarni Yangi Toshkentdagi imkoniyatlar bilan kengroq tanishtirish topshirildi. Vazirlarga xorijlik hamkorlar va yirik kompaniyalar bilan har bir uchrashuvda Yangi Toshkent imkoniyatlarini taqdimot qilib, ularni qo‘shma loyihalarga taklif qilish vazifasi qo‘yildi.

Prezident Samarqand shahridagi “Shirin” massivi qurilishiga Yangi Toshkent bilan bir kunda start berilganini eslatdi. Biroq bu yerda ishlar sust borayotgani tanqid qilindi: tadbirkorlarga atigi 19 gektar ajratilgan, qolgan maydonlar bo‘sh turibdi. 

Massivni shahar markazi bilan bog‘laydigan ko‘prik 1-sentabrgacha ishga tushirilishi kerak edi. Viloyat hokimligi va boshqarmalar binolarini ko‘chirish hali ham boshlanmagan. Davlat idoralarining o‘zi faollik ko‘rsatmayotgani tadbirkorlarning sarmoya kiritish qarorlariga ta’sir qilayotgani aytildi.

Shu bois, Yangi Toshkent uchun e’lon qilingan imtiyoz va imkoniyatlar “Shirin” massiviga ham tatbiq etiladi. Bu yerda ham investorlarga aniq loyihalar va ishlash uchun qulay shartlar taklif qilinishi lozim.

Muloqotda Prezident sarmoyadorlarni “xorijlik” va “mahalliy” deb ajratishga munosabat bildirdi. 

“Kapitalning, ilg‘or g‘oyaning va halol mehnatning millati yo‘q!”,- dedi davlat rahbari va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun yangi g‘oya – “O‘Z” falsafasini ilgari surdi.

“O‘Z” – O‘zbekiston, O‘zgarish, O‘zlik va Mas’uliyat degani. Kimki O'zbekistonga sarmoya kiritib, zamonaviy texnologiya olib kelsa va odamlarga ish o‘rni yaratsa, qaysi mamlakat yoki shahardan kelganidan qat’i nazar, umumiy taraqqiyotga hissa qo‘shadi.

– Kimki Yangi Toshkentni yoki Shirinni biz bilan birga qursa, demak, u to‘laqonli o‘zimizniki! – dedi Prezident. Sarmoyadorlarning mulki va biznesi qonun, davlat va shaxsan o‘zining qat’iy himoyasida bo‘lishini qayd etdi.

Mamlakat yetakchisi bir oydan so‘ng Yangi Toshkentga yana kelib, berilgan topshiriqlar ijrosini ko‘rib chiqishini ta’kidladi. Yakunda davlat rahbari investor va tadbirkorlarni “O‘z g‘oyang! O‘z sarmoyang! O‘z kelajaging! Yangi O‘zbekiston, Yangi Toshkent – o‘zimizniki!” degan yangi shior atrofida birlashishga chaqirdi. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101215 | Инструменты