Mehnat kodeksiga masofaviy xodimlar bilan shartnomani elektron tarzda bekor qilishga oid o‘zgartirishlar kiritilmoqda

Mehnat kodeksiga masofadan ishlovchi xodimlar bilan mehnat shartnomasini bekor qilish tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish taklif etilyapti. Bu taklif nazarda tutilgan qonun loyihasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi tomonidan Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, masofadan ishlovchi xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinganda, ish beruvchi buyruq nusxasini xodimga qog‘oz shaklida buyurtma xat orqali yoki elektron tarzda yuborishi shart bo‘ladi. SMS xabarnoma “Yagona milliy mehnat tizimi”dagi shaxsiy kabinet, xodim nomiga rasmiylashtirilgan telefon raqami, elektron pochta yoki mehnat shartnomasida kelishilgan boshqa internet dasturlari orqali elektron tarzda yuborilishi mumkin. Shuningdek, SMS xabarda shartnoma bekor qilingan sana va asoslar ko‘rsatilishi shartligi belgilanmoqda.

Ishga tiklash bo‘yicha sudga murojaat qilishning uch oylik muddati esa buyruq nusxasi topshirilgan yoki yuborilgan, shuningdek, SMS xabar kelgan kundan boshlab hisoblanishi taklif etilmoqda.

Bundan tashqari, ish beruvchi ogohlantirish muddatini pul kompensatsiyasi bilan almashtirgan hollarda kasaba uyushmasi va mahalliy mehnat organlariga tegishli ma’lumotlarni kompensatsiya to‘lash haqidagi buyruq rasmiylashtirilishidan oldin taqdim etish ko‘rib chiqilyapti. Qonun loyihasining muhokamasi 9-dekabrgacha davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112902 | Инструменты