10 BHM jarima va 3 yillik taqiq: noqonuniy ishlagan chet elliklar uchun javobgarlik belgilandi

Oliy Majlis Senatining 21-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqilib, senatorlar tomonidan ma’qullandi. Hujjat bilan mamlakatda noqonuniy ishlayotgan xorijiy fuqarolarga nisbatan bevosita ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, amaldagi qonunchilikda chet el fuqarolari tomonidan mehnat faoliyatini amalga oshirish tartibini buzganlik uchun ularning bevosita ma’muriy javobgarligi nazarda tutilmagan edi.

Yangi qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49⁶-modda bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, chet el fuqarosi yoki boshqa davlatda doimiy yashovchi fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning O‘zbekiston hududida:

- mehnat faoliyatini amalga oshirish huquqiga doir tasdiqnomasiz ishlashi;

- tasdiqnomaning amal qilish muddati tugaganidan keyin mehnat faoliyatini davom ettirishi;

- tasdiqnomada ko‘rsatilmagan faoliyat turi bilan shug‘ullanishi bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravari (10 BHM) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Takroriy qoidabuzarlik uchun mamlakatdan chiqarib yuborish (deportatsiya)

Agar ushbu huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa yoki belgilangan jarima to‘lanmasa, qoidabuzar shaxs O‘zbekiston hududidan ma’muriy tarzda chiqarib yuboriladi va uning mamlakatga kirish huquqi 3 yil muddatga cheklanadi.

Muhokama davomida senatorlar qonunni amaliyotda samarali qo‘llash, chet el fuqarolari va ish beruvchilarni yangi tartiblardan xabardor qilish hamda mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112902 | Инструменты