Toshkent viloyati soliq boshqarmasi xodimi yerni rasmiylashtirib berish uchun $1,05 mln talab qilib, $40 ming olganida ushlandi

Toshkent viloyati soliq boshqarmasi xodimi firibgarlikda gumonlanib ushlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Ushbu holat poytaxtda o‘tkazilgan tezkor profilaktik tadbir davomida ichki ishlar vazirligi tezkor qidiruv departamenti xodimlari tomonidan aniqlandi.

Ma’lum qilinishicha, 1988-yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan xodim Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida joylashgan xususiy korxonaga qarashli 3,5 gektar noturar yer maydonidagi qurilishi tugallanmagan sexni yuridik shaxsdan xaridor nomiga o‘tkazish hamda hududda qurilish ishlarini amalga oshirish uchun 34 ta davlat idorasidan qurilish uchun ruxsatnoma olib berishni va’da qilgan.

Buning evaziga u $1,05 mln talab qilgan. Soliq xodimi Mirzo Ulug‘bek tumanida xaridor bilan uchrashib, oldindan $40 ming olayotgan vaqtda qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) hamda 28-modda orqali 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (pora berishga dalolat qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

U Sud qarori bilan ushbu moddalar bilan aybli deb topilsa, 168-modda bilan 8 yilgacha, 211-modda bilan 10 yildan 15 yilgacha qamalishi mumkin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112814 | Инструменты