Yengil sanoat va paxta-to‘qimachilik klasterlarini qo‘llab-quvvatlashga doir Prezident qarori qabul qilindi.
2026-yil 26-noyabr kuni “Yengil sanoat korxonalarining tashqi bozorlarda raqobatbardoshligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori (PQ–407-son) qabul qilindi. Hujjat bilan soha korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish, ularning eksport salohiyatini kengaytirish va kredit yukini kamaytirishga qaratilgan qator yengilliklar belgilandi.
Kredit ta’tili va 4,4 trln so‘mlik qarzlar muddatini uzaytirish
Qarorga muvofiq, 2026–2029-yillarda yengil sanoat korxonalariga investitsiya loyihalari hamda aylanma mablag‘larni to‘ldirish uchun ajratilgan kreditlarning asosiy qarzini qaytarish muddati 36 oyga uzaytiriladi (kredit ta’tili beriladi). Shuningdek, foiz to‘lovlarining bir qismini qoplab berish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.
Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan paxta-to‘qimachilik klasterlarining yirik qarzdorliklari bo‘yicha ham muddatlar kechiktirildi:
- 3,2 trln so‘mlik (2022–2023-yillar hosili uchun) kredit qarzdorligi 2028–2029-yillarda oyma-oy teng ulushlarda qaytariladi;
- 1,2 trln so‘mlik (2025-yil hosili uchun) kredit qarzdorligi 2027-yil 1-martga qadar teng ulushlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lanadi.
Bundan tashqari, 2027-yil hosilidan boshlab paxta va g‘alla yetishtirish uchun Jamg‘arma resurslari foiz stavkasi 2 foiz bandga pasaytiriladi, “Agrobank” ATB marjasi esa 4 foiz etib belgilanadi.
Bojxona va eksport yengilliklari
Soha korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida quyidagi imtiyozlar taqdim etilmoqda:
Bojxona imtiyozi: Ishlab chiqarish uchun zarur xomashyo, butlovchi buyumlar va ehtiyot qismlar importida bojxona bojidan ozod qilish tartibi 2030-yil 1-yanvargacha uzaytirildi.
Eksport tushumi: 2028-yil 1-yanvargacha eksport tushumi kelib tushish muddati 365 kungacha uzaytirilib, bu davrda jarima va cheklovlar qo‘llanilmaydi.
Xomashyo daxlsizligi: Klaster va to‘qimachilik korxonalarining kredit qarzdorligini undirishda sotib olingan paxta xomashyosi hamda paxta tolasiga undiruv qaratilmaydi.
Xarajatlarni qoplash va bank balansidagi korxonalarni sotish
Yengil sanoatni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan korxonalarning quyidagi xarajatlari qoplab beriladi:
- Tannarxni pasaytirishga qaratilgan Kaizen, Lean management kabi tizimlarni joriy etish xarajatlari;
- Sun’iy tola importida transport xarajatlarining har bir tonnasi uchun 200 AQSH dollari (2027-yil 1-iyulgacha);
- Elektron savdo platformalari orqali sotilgan mahsulot qiymatining 3 foizi va reklama xarajatlarining bir qismi (2028-yil 1-yanvargacha).
Shuningdek, qarzdorlik evaziga tijorat banklari balansiga o‘tgan, bozor qiymati 15 mln AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan to‘qimachilik korxonalarini 10 yilgacha bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sotishga ruxsat berildi. Yangi investor topilguniga qadar banklar ushbu korxonalar faoliyatini tiklab, mahsulotlarni eksportga yo‘naltirishi mumkin bo‘ladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112814 | Инструменты