Pekin AQSh Tehronni yakkalab qo‘yish harakatlarini kuchaytirayotgan bir paytda o‘z manfaatlarini himoya qilish uchun «barcha zarur choralarni» ko‘rishini aytdi.
Xitoy Eron bilan savdosi uchun AQShning sanksiyalar tahdidini qoralab, har qanday bunday choralar noqonuniy bo‘lishini aytdi va o‘z milliy manfaatlarini himoya qilish uchun «barcha zarur choralarni» ko‘rishidan ogohlantirdi.
Pekinning Tehron bilan savdo qilishda davom etayotgan har qanday mamlakat yoki tashkilotga nisbatan AQShning ikkilamchi sanksiyalar tahdidini rad etishi oldindan kutilgan holat edi. Xitoy Eron neft eksportining qariyb 80 foizini sotib oladi va u ilgari ham AQShning Tehron rejimiga keladigan daromad oqimini cheklash borasidagi harakatlariga qarshi chiqqan edi.
Dushanba kuni sanksiyalar tahdidini e'lon qilar ekan, AQSh moliya vaziri Skott Bessent Eron bilan savdoga aloqadorlikda ayblangan 60 nafar jismoniy shaxs, tashkilot va kemalarga nisbatan dastlabki sanksiyalar to‘plamini e'lon qildi, biroq Xitoy moliya institutlarining Eron savdosini moliyalashtirishdagi ishtirokiga qaramay, ro‘yxatda ularning birortasi ham keltirilmagan.
Moliya va savdo ekspertlarining ta'kidlashicha, AQSh ma'muriyati kelasi oy Donald Tramp va Si Szinpin o‘rtasida rejalashtirilgan sammit oldidan Xitoyning javob zarbasi xavfini juda yaxshi anglab turibdi. Xitoy bunga javoban moliya bozorlari orqali yoki o‘ta muhim minerallar eksportiga cheklovlar kiritish bilan zarba berishi mumkin.
Seshanba kuni Xitoy tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Lin Szyan jurnalistlarga shunday dedi:
«Xitoy va Eron o‘rtasidagi hamkorlik har doim xalqaro huquq doirasida amalga oshirib kelingan va unga aralashish yoki uni buzishga yo‘l qo‘yilmasligi kerak.. Xitoy noqonuniy bir tomonlama sanksiyalarga qat'iy qarshi ekanini avval ham ko‘p bor aytgan. Xitoy o‘z huquq va manfaatlarini qat'iy himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘radi.»
Eron Iqtisodiyot vaziri Ali Madanizoda davlat televideniyesida shunday ta'kidladi:
«Bizning mudofaamiz endi shunchaki mudofaa bilan cheklanmaydi — endi dushmanlar hujumimizni kutib tursin.»
Bessent «Iqtisodiy yakkalash operatsiyasi» deb atagan ushbu kampaniyaning e'lon qilinishi, Eron bilan ziddiyatni hal etish istiqbollari hali uzoq ekanligidan dalolat beradi. Shuningdek, bu harakat Eronning kutilgan taslim bo‘lishiga olib kelmagan olti oylik urushdan so‘ng, AQShning harbiy kuch ishlatishdan uzoqlashib, ko‘proq iqtisodiy choralarga suyanayotganini ko‘rsatadi.
Bessent esa sanksiyalar kampaniyasini misli ko‘rilmagan deb atadi va uni Ikkinchi jahon urushidagi burilish nuqtasi bo‘lgan Normandiyaga qo‘shin tushirilishiga (D-Day) qiyosladi.
«Bugun xuddi shu ruhda, biz butun dunyo bo‘ylab Eronning moliyaviy aloqalariga qarshi iqtisodiy hujum boshlayapmiz,» — dedi u. «Bizning maqsadimiz Tehron yakka qolgunga qadar bu zolim rejimni ushlab turgan har bir iqtisodiy hayot tomirini uzishdir.»
Xalqaro siyosat markazining katta tadqiqotchisi Sina Tussi holatga shunday baho berdi:
«Harbiy yoki diplomatik g‘alabasiz o‘tgan deyarli olti oydan so‘ng, Vashington harbiy kuch shu paytgacha erisha olmagan narsani iqtisodiy bo‘g‘ishni kuchaytirish orqali amalga oshirishga urinayotganga o‘xshaydi.»
Alpha version: 0.9.1.19 build 82611 | Инструменты