Madaniyat vaziri birinchi oʻrinbosari — Kinematografiya agentligi direktori Jahongir Ahmedov «Oʻzbekfilm» milliy kinostudiyasining moliyaviy holati haqida maʼlumot berdi.
Uning soʻzlariga koʻra, kinostudiyaning 22,9 million yevro miqdorida kredit majburiyati bor. Studiyaning mol-mulki, jumladan, yer maydonlari ham ushbu kredit evaziga garovga qoʻyilgan.
Bundan tashqari, «Oʻzbekfilm»ning soliqlar boʻyicha qariyb 1 milliard soʻmlik qarzdorligi toʻplangan. Shu sababli kinostudiya balansidagi 12 ta avtomashinaning 12 kun ichida auksionga qoʻyilishi xavfi mavjud. Shuningdek, xodimlarning ish haqi boʻyicha ham yirik qarzdorlik shakllangani taʼkidlangan.
Ahmedovning yozishicha, kinostudiya bir yilda kamida 60 milliard soʻmlik buyurtma bajarmasa, oʻzini saqlab turolmaydi va amalda davlat buyurtmasiga qaram boʻlib qolgan. Uning aniq biznes modeli yoʻqligi va bozor mexanizmiga toʻliq oʻtilmagani qayd etildi.
Mansabdor shaxs taʼkidlashicha, «Oʻzbekfilm»ni shunchaki saqlab qolish emas, balki tubdan isloh qilish zarur — moliyaviy barqaror, zamonaviy boshqaruvga ega, xususiy investitsiya va xalqaro hamkorlikni jalb qiladigan milliy kino kompaniyasini shakllantirish lozim.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82204 | Инструменты