Tramp Kanada bilan savdo mojarosi fonida avtomobillar va yuk mashinalari bo‘yicha bojlarni 50 foizga oshirish bilan tahdid qilmoqda

Dam olish kunlarida Kanada bilan olib borilgan savdo muzokaralari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Kanadadan import qilinadigan barcha avtomobillar, yuk mashinalari, ehtiyot qismlar va po‘lat uchun boj to‘lovlari 2027-yilning 1-yanvaridan boshlab 50 foizga oshirilishini e'lon qildi.

Tramp o‘z postida keskin munosabat bildirib, jumladan shunday yozadi: « AQShda ishlab chiqaring va hech qanday bojlarsiz savdo qiling. Kanada endi Shtat kabi qabul qilinmaydi! Savdoda ham, boshqa masalalarda ham, ular munosabat o‘rnatish eng qiyin bo‘lgan yomon millatlar qatoriga kiradi. Ular o‘zlarini bunga haqli deb biladilar, biroq BIZGA KANADA KERAK EMAS, ULARGA BIZ KERAKMIZ!»

Ikki davlat o‘rtasida juma kuni kechqurun savdo kelishuviga erishish borasidagi urinishlar barbod bo‘lgan va har ikki tomon bunda bir-birini ayblagan edi. Shanba kuni Kanada Bosh vaziri Mark Karnidan mamlakat savdo urushiga kirishgan-kirishmagani haqida so‘ralganda, u qat'iy javob berdi: «Hujumga uchraganingizda, siz urush holatida bo‘lasiz. Bizga esa hujum qilishdi».

Kanada Tramp tomonidan avvalroq boshqa Kanada mahsulotlariga kiritilgan 50 foizlik bojlarga qasos sifatida ayrim AQSh tovarlariga o‘zining javob bojlarini joriy etishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilar Trampning ushbu kutilmagan e'loniga nisbatan hozircha rasmiy munosabat bildirishmadi. Biroq, ismini oshkor qilmaslik sharti bilan intervyu bergan avtosanoat rahbarlari Trampning bu tahdidiga shubha bilan qarashlarini ta'kidlab, prezident avval ham amalda qo‘llanmagan yirik bojlar haqida e'lon qilganini va bunday choralar Kanadaning keng ko‘lamli javob zarbasiga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirishgan.

Mutaxassislar, shuningdek, e'lon qilingan muddat — 2027-yilning yanvar oyigacha hali vaqt borligini, noyabr oyidagi oraliq saylovlardan so‘ng vaziyat o‘zgarishi mumkinligini hamda ushbu bayonot muzokaralarda bosim o‘tkazish vositasi bo‘lishi ehtimolini qayd etishmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82613 | Инструменты