“Sun’iy intellekt davrida ayrim ish o‘rinlari faqat insonlarga tegishli bo‘lishi kerak” — Bill Geyts

Bill Geyts sun'iy intellekt (SI) tomonidan ba'zi sohalarning egallab olinishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ulardagi ish o‘rinlarini «faqat insonlar uchun ajratilgan» deb belgilashga chaqirdi. Shuningdek, u hukumatlarning ushbu yangi texnologiya olib keladigan ta'sirlarga yetarlicha tayyor emasligidan jiddiy xavotirda ekanligini aytdi.

Milliarder va Microsoft hammuassisi o‘zining "The turbulent AI era is here. The choices we make now are critical" deb nomlangan 6000 so‘zdan iborat inshosida inson kasblarini raqamli bosqindan asrash zaruratini atrof-muhitni muhofaza qiluvchi tabiat qo‘riqxonalari qanday ishlashiga qiyoslagan.

"Ko‘plab kasblar abadiy yo‘q bo‘lib ketadi," — dedi u so‘nggi uch yil ichida sun'iy intellekt mavzusida yozgan birinchi yirik maqolasida. "Men ishonamanki, SI va robotlar takomillashgani sari, biz ba'zi ishlarni faqat odamlar bajarishi uchun ajratib qo‘yamiz.

"Men bu sohani 'insonlar uchun ajratilgan' deb atashni boshladim. Menga bu ibora yoqadi, chunki u menga tabiat qo‘riqxonalarini eslatadi — biz u yerda bino va yo‘llar qurishimiz mumkin edi, biroq bu juda katta yo‘qotishlarga olib kelishi sababli bunday qilmaymiz."

U bunga misol tariqasida olti yil oldin Altsgeymer kasalligidan vafot etgan otasiga g‘amxo‘rlik qilgan tibbiyot xodimlarini keltirdi. «Ularning otamga ko'rsatgan g'amxo'rligida o'rnini bosib bo'lmaydigan qandaydir insoniy xususiyat bor edi, buni hech bir robot qila olmasdi va qilmasligi ham kerak edi», — dedi u. — "Sizga tuzalmas kasallikka chalinganingiz haqidagi mudhish xabarni robot aytayotganini tasavvur qiling. Buni amalga oshirish uchun hech qanday texnik to'siq yo'q. Lekin u bunday qilmasligi kerak".

Geyts o‘z inshosida hukumatlar sun'iy intellekt ta'sirining ko‘lamiga tayyor emasligidan ogohlantirdi. «Eng ustuvor vazifa — sun’iy intellekt bilan bog‘liq masalalarni hal qilish uchun mamlakat ichida va xalqaro miqyosda zarur tizimni yaratishdir», — deb yozdi u. «11-sentabr xurujlaridan so‘ng AQSh hukumati Ikkinchi jahon urushidan buyon eng yirik qayta tashkil etish jarayonini amalga oshirdi. Buning yagona maqsadi — milliy xavfsizlikni ta’minlash funksiyasini takomillashtirish edi».

"Sun'iy intellekt esa undan-da keng ko'lamli va murakkab yondashuvni talab qiladi. U nafaqat xavfsizlikka, balki bandlik, ta'lim, soliqlar, energetika, saylovlar, sog'liqni saqlash, moliya tizimi va hatto ekologiyaga qadar barcha sohalarga bevosita ta'sir o'tkazadi. Jahon institutlari ushbu yangi tizimni yaratish va amaliyotga joriy etish kabi ulkan mas'uliyatni o'z zimmalariga ola bilisharmikan, degan haqli savol tug'iladi".

Texnologik milliarder o‘z maqolasida sun'iy intellektning ta'lim tizimiga ko‘rsatadigan ta'siridan ham xavotirda ekanligini yashirmadi. "Qanchalik g'alati tuyulmasin, insoniyatga har qachongidan-da ko'proq bilim olish imkonini berayotgan ushbu texnologiya, aslida ko'pchilikning izlanishdan to'xtashiga ham sabab bo'lishi mumkin. Dastlabki tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, sun'iy intellektdan muntazam foydalanish tanqidiy fikrlash qobiliyatining susayishiga olib kelmoqda va bu ayniqsa yoshlarda yaqqol ko'zga tashlanmoqda" deb yozadi u.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 82619 | Инструменты