Huawei Digital Power Markaziy Osiyoda yashil energetikani rivojlantirish uchun yangi yechimlarni taqdim etdi

20-noyabr kuni Qozog‘istonning Olmaota shahrida Huawei Central Asia Digital Power Conference 2026 konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda energetika sohasi vakillari, texnologik kompaniyalar va Huawei hamkorlari ishtirok etdi.

Konferensiyaning asosiy mavzulari qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish, aqlli elektr ta’minoti tizimlarini joriy etish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarining energiya samaradorligi hamda mintaqada elektr transporti istiqbollariga bag‘ishlandi.

Sun’iy intellekt davrida yashil energetikani rivojlantirish

Konferensiyani ochib bergan Huawei Digital Power kompaniyasining Markaziy Osiyo bo‘yicha prezidenti Syu Yuanxan (Xu Yuanhang) energetika sohasining barqaror rivojlanishida raqamli texnologiyalar va kuch elektronikasining ahamiyatini ta’kidladi.

Qazaq Green direktorlar kengashi raisi Nurlan Kаpenov hamda Sauran Solar Power LLP va Karaganda Wind Power LLP kompaniyalari boshqaruvi raisi Shao Yuebo mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilishda quyosh va shamol energetikasining o‘rnini muhokama qildilar. Ularning fikricha, ushbu yo‘nalishlarni rivojlantirish Qozog‘istonning energetik xavfsizligini mustahkamlash va uzoq muddatli dekarbonizatsiya maqsadlariga erishishda muhim ahamiyatga ega.

Sun’iy intellektning ortib borayotgan energiya ehtiyojlariga ham alohida e’tibor qaratildi. Huawei Digital Power Data Center Facility & Critical Power yo‘nalishining konsalting va ekotizim biznesi bo‘yicha bosh menejeri Djo Szou (Joe Zou) sun’iy intellektni rivojlantirish uchun ishonchli, samarali va aqlli energetika infratuzilmasining ahamiyati haqida so‘z yuritdi.

Quyosh energetikasi samaradorligini oshirish imkoniyatlarini Huawei Digital Power kompaniyasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha texnik direktori Said Ahmad taqdim etdi. U o‘z nutqida elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmini oshirish, ekspluatatsiya jarayonlarini optimallashtirish va uskunalarning butun xizmat muddati davomida iqtisodiy samaradorligini yaxshilashga qaratilgan FusionSolar 9.0 yechimi haqida ma’lumot berdi.

Huawei Digital Power kompaniyasining turar joy, tijorat va sanoat obyektlari uchun yechimlar marketingi, savdosi va servis yo‘nalishi prezidenti Jek Tun (Jack Tong) esa tijorat va sanoat obyektlarida aqlli quyosh elektr stansiyalari hamda energiya saqlash tizimlarini qo‘llash haqida so‘zlab berdi.

Huawei Digital Power kompaniyasining yangi avlod yechimlari

Konferensiyaning muhim voqealaridan biri Huawei Digital Power kompaniyasining yangi mahsulot va yechimlari taqdimoti bo‘ldi. Ular ikki asosiy yo‘nalishni qamrab oladi: FusionSolar quyosh energetikasi va energiya saqlash tizimlari, shuningdek, Data Center Facility ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari infratuzilmasi.

FusionSolar yo‘nalishida kompaniya to‘rtta yechimni taqdim etdi:

- LUNA2000-241kWh — tijorat va sanoat obyektlari uchun mo‘ljallangan, xavfsizlik, ishonchlilik va daromadlilikni oshirishga yo‘naltirilgan aqlli energiya saqlash tizimi.

- SUN2000-150K-MG0 — faol xavfsizlik funksiyalariga ega, elektr tarmog‘ining barqaror ishlashini qo‘llab-quvvatlaydigan va texnik xizmat ko‘rsatishni soddalashtiradigan aqlli invertor.

- LUTERRA-5MWh / 6.26MWh — Grid-Forming texnologiyasi, kompleks xavfsizlik arxitekturasi va aqlli boshqaruvga ega yangi avlod energiya saqlash tizimi.

- SUN2000-506KTL — Grid-Forming texnologiyasiga ega, ishonchlilik va xavfsizlikni ta’minlash bilan birga ekspluatatsiya jarayonlarini optimallashtiruvchi aqlli invertor.

Texnologik yangiliklarning ikkinchi yo‘nalishi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga bag‘ishlandi. Sun’iy intellekt hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talab ortib borayotgan bir sharoitda Huawei hisoblash infratuzilmasining elektr ta’minoti va sovitish samaradorligini oshirishga qaratilgan yechimlarni taqdim etdi.

Ular qatoridan har bir shkaf uchun 1280 kVt quvvatga ega, 98% foydali ish koeffitsiyentini ta’minlaydigan va Grid-Forming texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan TaiShan UPS5000-T uzluksiz quvvat manbai o‘rin oldi.

SmartLi 5.0 aqlli tizimi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun mo‘ljallangan bo‘lib, MIMO arxitekturasini qo‘llab-quvvatlaydi. PowerPOD 5.0 integratsiyalashgan yechimi esa elektr ta’minoti texnologiyalarini birlashtirib, samaradorlik, ishonchlilik va makondan oqilona foydalanishga alohida e’tibor qaratadi.

Hisoblash uskunalarining haroratini boshqarish uchun turli hisoblash yuklamalariga mo‘ljallangan Liquid Cooling TMU suyuqlik bilan sovitish tizimi ham taqdim etildi.

Taqdim etilgan yechimlar Huawei Digital Power kompaniyasining Markaziy Osiyoda barqaror, ishonchli va aqlli energetika ekotizimini rivojlantirishga ko‘maklashish borasidagi intilishini aks ettiradi.

Energetika texnologiyalari mintaqada qanday qo‘llanilmoqda?

Konferensiyaning amaliy qismi Markaziy Osiyo kompaniyalarining toza energetika, raqamli infratuzilma va elektr transporti sohalaridagi tajribasiga bag‘ishlandi.

Silk Road Energy Planning and Engineering kompaniyasi bosh direktori Akmalxon Xadjixonov Markaziy Osiyoda yangi energetikani rivojlantirish prognozini taqdim etdi. BTT GROUP direktorining o‘rinbosari Andrey Pavlenkovich esa Namangandagi sement zavodida toza energetika yechimlarini joriy etish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Elektr transportini rivojlantirish ham alohida muhokama mavzusiga aylandi. NEXUS Net-Zero vakili Tsogjaxilan N. Mongoliyada elektr transporti istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Ulan-Bator savdo palatasi operatsion direktori Zojargal Anxbayar esa mamlakatda umumiy foydalanish uchun mo‘ljallangan quvvatlash stansiyalari tarmoqlarining kelajagi haqida ma’lumot berdi.

Raqamli infratuzilmaning ishonchliligi va energiya samaradorligi masalalariga RP Partners Group (Kaspi) bosh direktori Ruslan Pushilin to‘xtalib o‘tdi. Uning ma’ruzasi moliya sektori uchun yuqori darajada ishonchli va energiya tejamkor ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini yaratishga bag‘ishlandi.

Konferensiya yakunida Huawei Digital Power hamkorlarini yashil energetika va raqamli infratuzilmani rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Huawei Digital Power Markaziy Osiyoda energetik transformatsiyani jadallashtirish hamda mintaqaning kam uglerodli va aqlli kelajakka o‘tishini qo‘llab-quvvatlash maqsadida texnologik innovatsiyalar va mijozlar, soha tashkilotlari hamda hamkorlar bilan hamkorlikni rivojlantirishda davom etadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112512 | Инструменты