Oktabr oyida milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha o‘rtacha stavka 17,1% gacha tushdi. Aholi depozitlari ketma-ket uchinchi oy 18,4% da saqlanib qolgan bo‘lsa, inflyatsion kutilmalarning pasayishi yuridik shaxslar uchun real stavkani 6,6% gacha olib chiqdi.
Oktabr oyida milliy valyutadagi omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari yana pasayishni boshladi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
So‘mdagi omonatlarning o‘rtacha daromadliligi 17,1% ni tashkil etdi. Bu avvalgi oyga nisbatan 0,1 foiz punktiga kam. So‘nggi bir yil ichida ushbu ko‘rsatkich 1,9 foiz punktga pasaygan.

Bir yilgacha bo‘lgan muddatli omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari 15,2% gacha oshdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 1 foiz punktga ko‘p. Shunga qaramay, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilgi darajadan 2,4 foiz punktga pastligicha qolmoqda. Uzoq muddatli omonatlar daromadliligi esa 17,7% gacha pasaydi. Bu bir oyda 0,4 foiz punkga, yillik hisobda esa 1,8 foiz punktga kamaygan.
Aholi uchun omonatlar daromadliligi ketma-ket uchinchi oy 18,4% darajasida saqlanib qolmoqda. Yillik hisobda bu ko‘rsatkich 2,5 foiz punktga pasaygan. Qisqa muddatli depozitlar bo‘yicha foiz stavkalari keskin oshib, 17,4% ga yetdi. Bu bir oyda 1,8 foiz punktga ko‘p. Uzoq muddatli depozitlar bo‘yicha stavkalar esa 18,6% gacha pasaydi (-0,2 foiz punkt).
Inflyatsion kutilmalar chegirib tashlangan real foiz stavkasi 8,5% gacha pasaydi. Bu sentabr oyiga nisbatan 0,4 foiz punkga kam. Shu bilan birga, mazkur ko‘rsatkich o‘tgan yilgi darajadan 0,3 foiz punktga yuqoriligicha qolmoqda

Yuridik shaxslar uchun omonatlar o‘rtacha 15,7% stavkada taklif etilmoqda. Bu o‘tgan oyga nisbatan 0,7 foiz punktga ko‘p, biroq o‘tgan yilga nisbatan 1,4 foiz punktga kam. Bir yilgacha bo‘lgan muddatli depozitlar daromadliligi 14,2% ni (+0,9 foiz punkt), bir yildan ortiq muddatga joylashtirilgan depozitlar daromadliligi esa 16,5% ni (+0,4 foiz punkt) tashkil etdi. Shu bilan birga, har ikki ko‘rsatkich ham 2025-yil oktabr oyidagi darajadan mos ravishda 2,1 va 1 foiz punktga pastligicha qolmoqda.
Boshqa tomondan, kutilayotgan inflyatsiyaning pasayishi hisobiga biznes uchun omonatlarning real foiz stavkasi rekord darajaga — 6,6% ga yetdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 1,3 foiz punktga yuqori.

Valyutadagi omonatlar segmentida foiz stavkalari sentabr oyidagi pasayishning bir qismini tiklab, 4,9% ga yetdi. Bu o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 0,2 foiz punktga past. Qisqa muddatli hisobvaraqlar bo‘yicha o‘rtacha stavka yana oshib, 3% ni tashkil etdi.
Jismoniy shaxslar uchun taklif etilayotgan omonatlarning o‘rtacha daromadliligi 5,3% ga teng bo‘ldi (bir oyda 0,1 foiz punktga pasaygan). Bunga, birinchi navbatda, uzoq muddatli omonatlar segmentida foiz stavkalarining 5,6% gacha tushishi sabab bo‘ldi.
Shu bilan birga, biznes uchun mo‘ljallangan omonatlar bo‘yicha foiz stavkalari yana keskin oshib, 4,3% ni tashkil etdi. Bu sentabr oyiga nisbatan 1,5 foiz punkga yuqori.

Alpha version: 0.9.1.19 build 112512 | Инструменты