Tramp o‘zbek milliy ayvonlari uchun Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi

“O‘zbekistonning hurmatli Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga mamlakatimiz mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan menga sovg‘a qilingan go‘zal o‘zbek ayvonlari uchun minnatdorlik bildirmoqchiman“, deya so‘zini boshlagan Tramp.

Uning qayd etishicha, o‘tgan hafta O‘zbekistonning AQSHdagi elchisi Furqat Siddiqov va Ichki ishlar vaziri Dag Burgum ishtirokida bo‘lib o‘tgan ayvonlarni topshirish marosimida Marine One vertolyotida ularning ustidan uchib o‘tish Tramp uchun sharaf bo‘lgan. Ayvonlar esa shunchaki hayratlanarli darajada go‘zal.

O‘zbekistonlik mohir ustalar bir necha oy davomida oilalaridan uzoqda bo‘lib, og‘ir ob-havo sharoitlariga qaramay, bu ayvonlarni 200 yillik tog‘ yong‘og‘i daraxtlari yog‘ochidan mahorat bilan qurgan. AQSH Prezidentining aytishicha, ular haqiqiy iste’dod sohiblari.

“Men bu sovg‘ani shaxsiy mulk sifatida saqlab qolish o‘rniga, uni jamoatchilikka taqdim etishga qaror qildim. Ayvonlar Tidal Basin ko‘li bo‘yida, Jefferson memoriali va Vashington monumenti manzarasi ko‘rinib turadigan joyda, endilikda xavfsiz va go‘zal poytaxtimizning bir qismiga aylanadi“, degan Tramp.

AQSH Prezidentiga ko‘ra, bir yildan so‘ng Milliy Qahramonlar bog‘i ochilganida, bu ayvonlar shahardagi eng mashhur maskanlardan biriga aylanishi shubhasiz. U yerda turmush qurish takliflari bildiriladi, diplomatik qabullar o‘tkaziladi, Gilos gullashi festivali davomida fotosuratlar olinadi va odamlar har kuni Tidal Basin ko‘li bo‘yiga tashrif buyuradi.

“Shuningdek, O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi va Milliy bog‘lar xizmatiga o‘z minnatdorligimni bildiraman. Ular o‘zbekistonlik ajoyib ustalar bilan yaqindan hamkorlik qildi. Biz Vashingtonni har qachongidan ham go‘zal shaharga aylantirmoqdamiz!“ deya yozgan Donald Tramp.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 17-noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan AQSH Prezidenti Donald Tramp va Amerika xalqiga mamlakat mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan sovg‘a qilingan an’anaviy o‘zbek ayvonlari Vashington shahridagi tarixiy West Potomac Park hududiga o‘rnatilgan edi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112510 | Инструменты