Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn Ammon shahridagi “Al-Husayniya” saroyida kengaytirilgan tarkibda muzokara o‘tkazdi. Uchrashuvda yetakchilar ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi hamda o‘zaro savdo hajmini 500 million dollarga yetkazish masalasini muhokama qildi.
Rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida kechgan muzokaralarda siyosiy muloqotlar va idoralararo almashinuvlar faollashgani, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmi barqaror ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Amaliy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida savdo, investitsiya, transport va logistika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, sog‘liqni saqlash hamda farmatsevtika sohalari belgilandi. Xususan, imtiyozli savdo bitimini imzolash va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini kelgusida 500 million dollarga yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash doirasida madaniyat va san’at haftaliklarini o‘tkazish, diniy-ma’rifiy yo‘nalishda tajriba almashish, sayyohlik oqimini kengaytirish hamda qadimiy shaharlar o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashilib, BMT, Islom hamkorlik tashkiloti, Qo‘shilmaslik harakati, “Aqaba jarayoni” formati va boshqa nufuzli tuzilmalar doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash amaliyotini davom ettirish muhimligi qayd etildi.
Davlat rahbarlari an’anaviy do‘stlik va o‘zaro ishonchga asoslangan ikki tomonlama munosabatlarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga qaror qildi. Oliy darajadagi kelishuvlarning to‘liq ijrosini ta’minlash maqsadida keng qamrovli “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olindi. Muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohini O‘zbekistonga tashrif bilan kelishga taklif qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112418 | Инструменты