Ammon shahrida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev va Abdulla II ibn Al-Husayn huzurida ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Davlat tashrifi doirasida Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim bilan birga jami 19 ta hujjat imzolandi.
Marosimda O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasida ikki tomonlama munosabatlar hamda hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida qo‘shma bayonot qabul qilindi, shuningdek, Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi bitim imzolandi. Ushbu davlatlararo hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan.
Shuningdek, imtiyozli savdo, jinoiy ishlar bo‘yicha o‘zaro huquqiy yordam, madaniyat va madaniy ijodkorlik sanoati, milliy kutubxonalar, hujjatlar va arxivlar, atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika hamda suv resurslarini boshqarish sohalarida bitimlar va anglashuv memorandumlari imzolandi. Bundan tashqari, iqtisodiy diplomatiya, tog‘-kon sanoati va geologiya, uy-joy qurilishi va shaharsozlikni rivojlantirish, raqamlashtirish va axborot texnologiyalari, oziq-ovqat va dori-darmon mahsulotlarini nazorat qilish, sog‘liqni saqlash xizmatlari hamda chorvachilik yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish maqsadida Toshkent va Ammon shaharlari, shuningdek, Samarqand shahri va Petra turizm mintaqasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar almashildi. Imzolangan mazkur hujjatlar ikki davlat o‘rtasida strategik sheriklikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish hamda o‘zaro manfaatli qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112419 | Инструменты