Shveysariya Gulnora Karimovaning aktivlaridan yana $252 mlnini O‘zbekistonga qaytaradi

O‘zbekiston va Shveysariya o‘rtasida noqonuniy o‘zlashtirilgan aktivlarning navbatdagi qismini qaytarish bo‘yicha bitim 24-noyabr kuni tasdiqlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.

Bitim doirasida 252,5 million dollar miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarish ko‘zda tutilgan. Mablag‘lar “Ishonch — 2030” trast jamg‘armasi orqali aholi farovonligini oshirish va inson kapitalini rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Resurslarni taqsimlash strategiyasining ikkinchi bosqichi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Otabek Fazilkarimov, Shveysariyaning O‘zbekistondagi elchisi Simone Giger hamda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Mahl tomonidan imzolangan.

Strategiyada ikkita asosiy ustuvor yo‘nalish belgilangan:

- Sog‘liqni saqlash — bolalar va o‘smirlarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlash, ayrim onkologik kasalliklarni davolash imkoniyatlarini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish;

- Ta’lim — yangi maktablar qurilishini qo‘llab-quvvatlash, ta’lim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, o‘qituvchilar malakasini oshirish va sifatli ta’limdan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

Bunda qishloq hududlari va ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati cheklangan aholi qatlamlari uchun sharoitlarni yaxshilashga ustuvor ahamiyat beriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112510 | Инструменты