Toshkent shahrida umumiy uzunligi 17,9 kilometr bo‘lgan yana to‘rtta markaziy ko‘chada avtobuslar uchun BRT alohida yo‘laklari tashkil etiladi. Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va dastlabki xarajatlar uchun 6,5 milliard so‘m ajratildi.
Toshkent shahrining to‘rtta markaziy ko‘chasida jamoat transporti uchun umumiy uzunligi 17,9 kilometr bo‘lgan alohida ajratilgan BRT yo‘laklari tashkil etiladi va ushbu ko‘chalar qayta ta’mirlanadi. Bu Toshkent shahri hokimining 29-oktabr kuni qabul qilingan 563-sonli qarorida belgilandi.
Hujjatga ko'ra, alohida yo‘laklar Yakkasaroy va Chilonzor tumanlaridan o‘tuvchi Muqimiy ko‘chasining 4,6 kilometrlik qismida hamda Shayxontohur tumanidagi Qoratosh va Ko‘kcha darvoza ko‘chalarining 4,2 kilometrlik qismida barpo etiladi. Shuningdek, Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Parkent ko‘chasining 2,8 kilometr hamda Mirzo Ulug‘bek shohko‘chasining 6,3 kilometrlik qismida ham avtobuslar uchun BRT yo‘laklari ajratiladi.

Loyihalarni amalga oshirish va qurilish-ta’mirlash ishlari bo‘yicha “Toshkent Invest kompaniyasi” AJ buyurtmachi etib belgilandi.
Loyiha hujjatlarini ishlab chiqish hamda dastlabki xarajatlarni qoplash uchun Toshkent shahrini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 6,5 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi. Umumiy qurilish va ta’mirlash ishlari tijorat bank kreditlari hamda Toshkent shahar hokimligining sohaviy jamg‘armalari mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Qurilish va ta’mirlash ishlari boshlanishidan oldin ushbu ko‘chalarda joylashgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va quduqlar balansda saqlovchi tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadi yoki xavfsiz hududga ko‘chiriladi.
Ta’mirlash va yo‘lak ajratish jarayonida chorrahalarda tirbandliklar yuzaga kelishining oldini olish, harakat xavfsizligini ta’minlash hamda zarur hollarda avtotransport vositalari harakatini vaqtincha cheklash choralari ko‘riladi.
Hokimlik ushbu ko‘chalarda alohida yo‘laklar qurish rejalashtirilayotganini oktabr oyida ma’lum qilgandi. Avvalroq Toshkentda yana ikkita yo‘l qismida — Amir Temur shohko‘chasi va Yangi Sergeli ko‘chasida BRT tizimi asosida avtobuslar uchun alohida harakat yo‘laklari qurilishi boshlangani xabar qilingandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110216 | Инструменты