Nukusda 22 ta metan “zapravka” narxni kelishib oshirgani aniqlandi

Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus shahridagi 22 ta avtomobillarga gaz toʻldirish shoxobchasi gaz narxini bir vaqtda oshirgani uchun moliyaviy jarimaga tortildi. Bu haqda Raqobat qoʻmitasi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qoʻmitaga kelib tushgan fuqaro murojaati asosida shahardagi gaz toʻldirish shoxobchalarida narxlar oʻrganilgan. Natijada 22 ta shoxobchada 1 kub metr siqilgan gaz amaldagi narxidan oʻrtacha 1 050 soʻmgacha qimmat sotilgani aniqlangan.

Bildirilishicha, holat yuzasidan Raqobat qoʻmitasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy boshqarmasi maxsus komissiyasi tomonidan mazkur korxonalarga nisbatan “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonunning 19-moddasi (Raqobatga qarshi kelishuvlarni va muvofiqlashtirilgan harakatlarni taqiqlash) asosida ish qoʻzgʻatilgan. Ishni koʻrib chiqish yakunida ularga moliyaviy jarima qoʻllash haqida qaror qabul qilingan.

Shuningdek, qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yoʻl qoʻymaslik yuzasidan shoxobchalarga bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berilgan.

Ma’lumotlarga koʻra, maxsus komissiya qaroridan norozi boʻlgan 9 ta korxona sudga murojaat qilgan. Sud tomonidan qoʻmita qarorlarining qonuniyligi tasdiqlangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110217 | Инструменты