Microsoft va Meta mutaxassislari O‘zbekiston bilan hamkorlikni muhokama qildi

Oʻzbekiston Respublikasining Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasida Sun’iy intellekt (SI) sohasidagi hamkorlik boʻyicha xalqaro forum boʻlib oʻtdi. Tadbir Bosh konsulxona, Amerika–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi, IT Park Uzbekistan hamda Jahon raqamli texnologiyalar akademiyasi (WDTA) tomonidan tashkil etildi.

Tadbir texnologiya sohasi, universitetlar, investitsiya hamjamiyati va davlat hokimiyati organlarining qariyb 60 nafar vakilini birlashtirdi. Ular qatorida Microsoft va Meta mutaxassislari, Garvard, Vashington va Shimoli-Sharq universitetlari, Sietl ma’muriyati hamda innovatsion kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Forum "Seattle AI Week" doirasida oʻtkazilib, haftalik dasturining yakuniy tadbiri boʻldi.

Oʻzbekiston–AQSH texnologik sherikligining istiqbollari, kadrlar tayyorlash, startaplarni rivojlantirish, investitsiyalar jalb etish va amaliy SI yechimlarini joriy qilish masalalari diqqat markazida boʻldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining maslahatchisi, Amerika–Oʻzbekiston biznes va investitsiya kengashi Kotibiyati rahbari Nozima Davletova mamlakatning raqamli rivojlanish sohasidagi strategik ustuvorliklarini taqdim etdi. U Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi ishbilarmonlik hamda investitsiya aloqalari jadal rivojlanayotganini, shuningdek, ikki mamlakatdagi manfaatdor tashkilotlarning amaliy tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashda Kengashning imkoniyatlarini ta’kidladi.

Bosh konsul Ahror Burxonov Oʻzbekistonning AQSH Tinch okeani shimoli-gʻarbiy mintaqasi bilan hamkorligini mustahkamlash imkoniyatlariga e’tibor qaratdi. Bosh konsulxonaning mintaqadagi texnologik kompaniyalar, universitetlar va tadbirkorlik hamjamiyatlari bilan bevosita aloqalar oʻrnatishga koʻmaklashishga tayyorligi bildirildi.

IT Park Uzbekistan vakili Ruslan Yapparovning taqdimotida milliy IT ekotizimining rivojlanishi va xalqaro hamkorlar bilan oʻzaro aloqalar imkoniyatlari yoritildi. Yetakchi SI kompaniyalari ishtirokida yoshlarni oʻqitish, hisoblash infratuzilmasini rivojlantirish va oʻzbek startaplarini xorijiy bozorlarga olib chiqish ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgilandi.

WDTA ijrochi raisi Yel Li Oʻzbekistonning Markaziy Osiyoni AQShning ilgʻor innovatsion ekotizimlari bilan bagʻlovchi texnologik markaz sifatidagi salohiyatini qayd etdi. U bilim almashish, sun’iy intellektni mas’uliyatli rivojlantirish va ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratdi.

Permiraning katta maslahatchisi, Microsoftning dasturiy ta’minot ishlab chiquvchilar yoʻnalishining sobiq prezidenti Juliya Lyuson zamonaviy SI vositalaridan foydalanish imkoniyati, ta’lim dasturlarini yangilash hamda tajribaviy ishlanmalardan ularni amalda qoʻllashga oʻtishning ahamiyatini ta’kidladi.

Sietl shahrining texnologiyalar boʻyicha bosh direktori Shennon Smit munitsipal xizmatlarni takomillashtirish, qurilish bilan bagʻliq tartib-taomillarni soddalashtirish va yoʻl harakati xavfsizligini oshirishda SIdan foydalanish tajribasini taqdim etdi. Sietl va Toshkent oʻrtasida raqamli shahar boshqaruvi sohasida tajriba almashish istiqbollari muhokama qilindi.

Panel muhokamalarida ishtirokchilar universitet inkubatorlarini rivojlantirish, startaplar uchun ustozlik dasturlarini yoʻlga qoʻyish va biznesning real vazifalariga mos mutaxassislar tayyorlash masalalarini koʻrib chiqdi. Agrotexnologiyalar, suv tejovchi texnologiyalar, til xizmatlari va nogironligi boʻlgan shaxslarning xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytiruvchi yechimlar hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari sifatida qayd etildi.

Forum yakunida Oʻzbekistonning Vashington shtatidagi Bosh konsulxonasi va WDTA texnologiyalar hamda sun’iy intellekt sohasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzoladi. Hujjat tajriba almashish, universitetlar, kompaniyalar va davlat muassasalari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, Oʻzbekiston ishtirokida ta’lim tashabbuslari va sinov loyihalarini oʻrganishni nazarda tutadi. SIdan mas’uliyatli foydalanish, kiberxavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilishga alohida e’tibor qaratilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110214 | Инструменты