Huawei kompaniyasi o‘zining «ICT Academy Instructor Workshop» - AKT Akademiyalari instruktorlari uchun ishchi uchrashuvini o‘tkazdi

2026-yil 28-avgust kuni Huawei kompaniyasi 20 ta mahalliy oliy ta’lim muassasasida faoliyat yuritayotgan Huawei AKT Akademiyalarining instruktori va administratorlari bilan «ICT Academy Instructor Workshop» — ishchi uchrashuvini o‘tkazdi. Tadbirda Huawei AKT Akademiyalari faoliyatining rivojlanish jarayoni taqdim etildi, shuningdek, instruktorlarni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirish va sun’iy intellekt hamda hisoblash texnologiyalariga yo‘naltirilgan yangi kurslarni joriy etish rejalari e’lon qilindi. O‘qituvchilar Huawei kurslari ro‘yxatining muntazam kengayib borishi hisobiga universitetlarning ta’lim dasturlarini boyitish imkoniyatlari bilan tanishdilar hamda jadal rivojlanayotgan sanoat uchun AKT mutaxassislarini o‘z vaqtida tayyorlash zaruratini muhokama qildilar.

Huawei Uzbekistan kompaniyasining korporativ kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori janob Suli Gayrat tadbirni kirish so‘zi bilan ochib, davlat va xususiy sektorlar, universitetlar hamda ta’lim tashkilotlarining davlatning raqamli transformatsiyasi jarayonida O‘zbekistonda AKT sohasidagi iqtidorli yoshlarni tayyorlashga qo‘shayotgan birgalikdagi hissasini ta’kidladi. «Bugun O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi arafasida yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha izchil olib borilgan ishlarning natijalarini yaqqol ko‘rib turibmiz. O‘zlarining texnik va amaliy ko‘nikmalarini oshirishlari uchun yaratilgan imkoniyatlar ularni raqamli iqtisodiyotning doimiy o‘zgarib borayotgan talablariga tayyorlamoqda. Biz ushbu ta’lim jarayonining bir qismi ekanimizdan mamnunmiz va O‘zbekistonda sanoat hamda akademik doiralar o‘rtasida shakllangan hamkorlikni yuksak qadrlaymiz», — dedi Suli Gayrat.

U, shuningdek, raqamlashtirish jarayoni tezlashib borayotgan bir paytda sun’iy intellekt, hisoblash texnologiyalari, katta ma’lumotlar va kiberxavfsizlik sohalarida malakali mutaxassislarga bo‘lgan talab o‘sishda davom etayotganini va ushbu yo‘nalishlarda iqtidorli mutaxassislar yetishmasligi global muammo bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. O‘z navbatida, Huawei kompaniyasi o‘zining ta’limga oid tashabbuslari orqali texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va ulardan insonlar manfaatiga xizmat qiladigan tarzda foydalanish tamoyillariga sodiqligini namoyon etishda davom etadi.

Ishchi uchrashuv davomida o‘qituvchilar Huawei ICT Academy rivojiga ularning faolligi va jalb etilganlik darajasini oshirishga qaratilgan AKT Akademiyalari, instruktorlar va talabalar uchun yangi rag‘batlantirish dasturi, shuningdek, General Knowledge of Intelligent Computing va Artificial Intelligence Fundamentals kabi yangi kurslar bilan tanishdilar

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot Texnologiyalari Universiteti professori Azamat Qodirov 2024-yilda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida Huawei ICT Competition har yili o‘tkaziladigan AKT tanlovining mintaqaviy bosqichida AKT Akademiyasi faoliyatidagi yuqori natijalari va HCIA xalqaro sertifikatini olgani uchun «Outstanding new instructor» deb e’tirof etilgan. U Huawei ICT Competition tanloviga talabalarni o‘qitish va tayyorlash bo‘yicha o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. AKT Akademiyasining sertifikatlangan instruktori doktor Danish Ather (Dr. Danish Ather) Huawei kompaniyasi kurslarini Toshkent shahridagi Amity universitetining o‘quv dasturiga muvaffaqiyatli joriy etish tajribasi haqida so‘zlab berdi. Bu talabalarga sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, 5G, kiberxavfsizlik, IoT va boshqa zamonaviy AKT texnologiyalari sohalarida chuqurlashtirilgan bilimlarni olish imkonini berdi.

Tadbir doirasida joriy yilning iyun oyida Xitoyning Shenchjen shahrida Huawei ICT Competition 2025-2026 Global Finalida ishtirok etib, Network Track (tarmoq) va Cloud Track (bulutli hisoblash) yo‘nalishlarida sovrinli o‘rinlarni egallagan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Huawei ICT Competition tanlovining 10-yubiley musobaqasida 100 ta mamlakat va mintaqadagi 2000 dan ortiq oliy ta’lim muassasasidan 220 000 dan ziyod talaba va o‘qituvchi ishtirok etdi. 49 ta mamlakatdan, jumladan, Markaziy Osiyo va Kavkaz mamlakatlaridan 177 ta jamoa global finalda ishtirok etdilar.

Huawei ICT Competition har yili kollej va universitet talabalari hamda o‘qituvchilari uchun o‘tkaziladigan tanlovdir. U musobaqalar va tajriba almashish uchun xalqaro platformani taqdim etib, ishtirokchilarga AKT sohasidagi bilimlarini chuqurlashtirish, amaliy ko‘nikmalarini takomillashtirish hamda eng yangi texnologiyalar va platformalardan foydalangan holda innovatsion yondashuvni rivojlantirish imkonini beradi. An’anaga ko‘ra, Huawei ICT Competition 2026–2027 tanloviga ro‘yxatdan o‘tish kuz faslida AKT yo‘nalishlariga ega universitetlar bo‘ylab keng ko‘lamli roadshow bilan boshlanadi.

Huawei O‘zbekistonda 26 yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib, mahalliy raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun texnologik innovatsiyalarni joriy etib kelmoqda hamda malakali kadrlarni tayyorlashga qaratilgan kompleks ta’lim dasturlarini amalga oshirmoqda. Kompaniyaning ochiqlik, hamkorlik va butun sohaning umumiy muvaffaqiyati tamoyillariga asoslangan barqaror iste’dodlar ekotizimini yaratishga intilishi uning ta’lim tashabbuslarida, shuningdek, STEM sohasidagi yirik xalqaro musobaqalarni qo‘llab-quvvatlashida o‘z aksini topmoqda. Shunday muhim tadbirlardan biri 38-Xalqaro informatika olimpiadasi (IOI 2026) bo‘lib, u avgust oyining birinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazildi. Maxsus tashkil etilgan Huawei Tech Arena zonasida IOI ishtirokchilari Huawei ekspertlari bilan muloqot qilish, ularning ilmiy-tadqiqot ishlanmalari (R&D) sohasida karyera qurish tajribasi bilan tanishish, mantiqiy masalalarni yechish va yangi aqlli qurilmalarni sinovdan o‘tkazish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Ilg‘or texnologiyalar va sun’iy intellektga qiziqadigan barcha foydalanuvchilar uchun O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ishga tushirilgan «SI sohasidagi 5 million yetakchi» (Five million AI Leaders) dasturi doirasida Huawei kompaniyasining kurslari ham mavjud. Ushbu kurslar raqamli sohaning kelajakdagi mutaxassislarini tayyorlash va yanada barqaror hamda intellektual kelajakni yaratishga xizmat qiladi.


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 83008 | Инструменты