Banklarda naqd pul berish, bankomatlarni toʻldirish va yangi kupyuralarni muomalaga chiqarish boʻyicha muhim talablar joriy etilmoqda. Xususan, banklar naqd pulni moneliksiz qabul qilishi va bepul ayirboshlashi, yangi banknot va tangalar chiqishidan kamida bir hafta oldin esa aholini xabardor qilishi lozim.
Adliya vazirligi Oʻzbekistonda banklar tomonidan naqd pul muomalasini tashkil etishning yangilangan tartibini belgilovchi yoʻriqnomani 17-noyabr kuni davlat roʻyxatidan oʻtkazdi. Hujjat banklarni naqd pul bilan ta’minlash, aholi va tadbirkorlarga mablagʻ berish hamda yangi pul belgilarini muomalaga chiqarish qoidalarini tartibga soladi.
Yoʻriqnomaga koʻra, banknotlarda ularning seriyasi va raqami, nominal qiymatining yozuv bilan ifodasi, barcha turdagi toʻlovlar uchun qabul qilinishi majburiyligi hamda qalbakilashtirganlik uchun javobgarlik toʻgʻrisidagi yozuvlar boʻlishi lozim.
Pul belgilarining dizaynida Oʻzbekiston tarixi, milliy madaniyati, qadriyatlari, buyuk allomalar va mamlakat yutuqlarini aks ettiruvchi tasvirlardan foydalaniladi. Pul belgilaridagi barcha yozuvlar davlat tilida, lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida yoziladi.
Bundan tashqari, pul belgilari inson salomatligi uchun xavfsiz xomashyolardan tayyorlanishi va zamonaviy himoya elementlariga ega boʻlishi kerak. Aholi va tadbirkorlarning naqd pul olish huquqi kafolatlanadi. Banklar fuqarolar va tadbirkorlarning hisobvaraqlarida mavjud mablagʻlari doirasida naqd pul olishga boʻlgan talablarini birinchi talab boʻyicha uzluksiz qondirishi shart.
Shuningdek, banklar muomaladagi naqd pullarni nominal qiymati boʻyicha moneliksiz qabul qiladi. Bankomatlar naqd pul bilan ta’minlab boriladi.
Banklar mijozlarning naqd pulga boʻlgan ehtiyojini va bankomatlardagi naqd pul aylanmasini muntazam tahlil qiladi. Naqd pul yetishmasligi kutilganda banklar qoʻshimcha mablagʻlarni jalb etish choralarini koʻradi. Pul belgilarini bepul ayirboshlash mumkin.
Markaziy bank va tijorat banklari talabga koʻra bir nominaldagi pul belgilarini boshqa nominaldagi pul belgilariga hech qanday toʻlov yoki vositachilik haqisiz ayirboshlaydi. Yangi banknot va tangalar muomalaga chiqarilishidan kamida 1 hafta oldin bu haqda aholiga xabar beriladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112001 | Инструменты