Shavkat Mirziyoyev 19-noyabr kuni o‘smirlar o‘rtasida dzyudo bo‘yicha jahon chempionati munosabati bilan Xalqaro dzyudo federatsiyasi prezidenti Marius Vizerni qabul qildi. Uchrashuvda milliy dzyudo maktabini rivojlantirish, terma jamoani Los-Anjeles Olimpiadasiga tayyorlash hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Toshkent jahonning nufuzli dzyudo markazlaridan biriga aylanib borayotgani taʼkidlandi. Soʻnggi uch yilda mamlakatimizda 4 ming nafardan ziyod sportchi ishtirokida 10 ta xalqaro musobaqa oʻtkazildi. Joriy yilgi oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionati esa ilk bor Oʻzbekistonda tashkil etilmoqda.
Marius Vizer mamlakatda sportni rivojlantirish va yoshlarni sportga keng jalb etish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Oʻzbekistonda yirik xalqaro musobaqalarni oʻtkazish, milliy terma jamoani Los-Anjelesda boʻlib oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga tayyorlash, mamlakatimizda yaratilgan zamonaviy sport infratuzilmasi negizida sportchilar, murabbiylar va hakamlarni tayyorlash hamda sport tibbiyoti sohasidagi hamkorlik masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
19–22-noyabr kunlari Toshkentdagi Olimpiya shaharchasi dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qilmoqda. Nufuzli musobaqada dunyoning 78 mamlakatidan kelgan 600 nafarga yaqin yosh sportchi o‘zaro bellashmoqda, shuningdek, chempionatni kuzatish uchun qator xorijiy davlatlarning yuqori darajadagi delegatsiyalari ham poytaxtga tashrif buyurgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112001 | Инструменты