Shavkat Mirziyoyev Turkiya Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz hamda ikki mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari ishtirokida O‘zbekiston – Turkiya biznesni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yuqori darajadagi kengashning birinchi yig‘ilishida qatnashdi. Tadbir doirasidagi biznes forumida 200 dan ziyod tadbirkor ishtirok etib, qator strategik tarmoqlarda yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollari muhokama qilindi.
Tadbirda Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari va banklari rahbarlari qatnashdi.
Davlat rahbari oʻz nutqida Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdogʻan bilan erishilgan kelishuv asosida tashkil etilgan ushbu yangi mexanizm ikki mamlakat oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi.
Kengashning birinchi yigʻilishi doirasida oʻtkazilgan biznes forumida 200 dan ziyod tadbirkorning faol ishtirok etgani oʻzaro sheriklikni kengaytirishga boʻlgan yuksak qiziqishdan dalolat berishi qayd etildi.
– Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasida 2017-yildan buyon iqtisodiyotimiz uch barobarga oʻsdi, 150 milliard dollardan ortiq xorijiy investitsiyalar jalb etildi. Ushbu jarayonda bizga doim yelkadosh boʻlib kelayotgan strategik sherigimiz – Turkiya bilan hamkorlik muhim oʻrin tutadi, – dedi Prezident.
Yig‘ilishda ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish bo‘yicha bir qator ustuvor yo‘nalishlar belgilab berildi. Xususan, tog‘-kon sanoati va “yashil” energetikani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, organik o‘g‘itlar ishlab chiqarish, zamonaviy issiqxonalar barpo etish hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishda sheriklikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi. Shuningdek, Turkiya kompaniyalari elektrotexnika tarmog‘ida misni chuqur qayta ishlash, elektronika, transformator va maishiy texnika ishlab chiqarish, farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirish bo‘yicha kooperatsiyaga taklif qilindi.
Bundan tashqari, “Yangi Toshkent” megaloyihasi doirasida tijorat va turar joy majmualari, mehmonxonalar qurish, pulli avtomobil yo‘llari va logistika markazlarini rivojlantirishda turk sarmoyadorlarining ishtiroki olqishlandi. Turkiya banklari, investitsiya fondlari va yirik sanoat korxonalari xususiylashtirish jarayonlari, davlat-xususiy sheriklik dasturlari hamda avtomobilsozlik, sun’iy intellekt, dasturiy ta’minot va bank sektoridagi islohotlarda faol ishtirok etishga chaqirildi. Prezident O‘zbekistonda investitsiya muhitini yaxshilash, maxsus iqtisodiy zonalarda keng imtiyozlar berish va tadbirkorlar uchun byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish siyosati izchil davom ettirilishini bildirdi.
– Biz bundan buyon ham mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlar uchun ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan islohotlarni izchil davom ettiramiz, – dedi davlat rahbari soʻzining yakunida.
Yigʻilishda kengash hamraislari – Prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva va Turkiya Respublikasi Vitse-prezidenti Javdat Yilmaz ham soʻzga chiqdi.
Turkiya kompaniyalari rahbarlari Prezident bilan muloqot chogʻida ularning faoliyatiga yaratilayotgan keng imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirib, oʻz fikr-mulohazalari hamda takliflarini bayon qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112001 | Инструменты