Huawei 1
Axbor Imomxo'jayevga Akademik ilmiy unvoni topshirildi

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi, umrining 60 yilini futbol rivoji, targ'iboti va jurnalistikaga bag'ishlagan Axbor Imomxo'jayev Akademik unvoni bilan taqdirlandi.

Ularning 12 yil davomida to'plangan ma'lumotlar asosida bitilgan “Asr futbolidagi asr qadrdonlarim” kitoblari ziyolilar va arboblar tomonidan e'tirof etildi. Shu yilning fevral oyida, 84 yoshga to'lishlari arafasida O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Kengashi qarori bilan Axbor Rustamovichga universitetning Faxriy professori unvoni berilgan edi. Kuni kecha esa ular O'rta Osiyo xalqlari tarixi instituti Turon fanlar akademiyasi Prezidiumining qarori bilan akademiyaning haqiqiy a'zosi deb qabul qilindilar va “Akademik” ilmiy unvoni bilan taqdirlandilar. Unvon va bu haqdagi hujjatlarni Turon fanlar akademiyasi prezidenti Haydarbek Bobobekov topshirdi.

O'zbek futbol sharhlovchiligi maktabining asoschilaridan biri Axbor Imomxo'jayevning jami 10 ta asari (ulardan 6 tasi o'quv qo'llanmalar) dunyo yuzini ko'rgan bo'lib, ular orasida futbolga oid «Futbol – quvonchim, dardim, faxrim», «Maftuningman, futbol», «O'zbegimning Mirjaloli» va o'tgan yili nashrdan chiqqan «Asr futbolidagi asl qadrdonlarim» kitoblari sport muxlislari tomonidan sevib mutolaa qilinadi.

O'zbekiston Milliy olimpiya qo'mitasi Axbor Imomxo'jayevni bunday yuksak unvon bilan tabriklab, u kishiga uzoq umr va sihat-salomatlik tilab qoladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga