Oʻzbekiston Soliq sohasida 2027-yil uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga raislik qiluvchi davlat etib saylandi

Kecha, 23-oktabr kuni Dushanbe shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar soliq xizmatlari rahbarlari muvofiqlashtiruvchi kengashining XXXIII yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Yigʻilishda hamkorlikni yanada kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston "MDH soliq xizmatlarining texnologik hamkorligi" tashabbusini ilgari surdi. Ushbu tashabbus raqamli yechimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish, mutaxassislarni oʻqitish va stajirovkalarini tashkil etish, shuningdek, sunʼiy intellektni qoʻllash boʻyicha namunaviy qoidalarni ishlab chiqishni nazarda tutadi.

Shuningdek, Muvofiqlashtiruvchi kengash huzurida sunʼiy intellekt masalalari boʻyicha ixtisoslashgan ishchi guruh tuzish taklif etildi.

Soliq xavflarini boshqarish masalalari muhokamasi davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi zamonaviy tahliliy vositalarni qoʻllash borasidagi tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Ushbu vositalar ehtimoliy qoidabuzarliklarni oʻz vaqtida aniqlash, budjet yoʻqotishlarining oldini olish hamda halol soliq toʻlovchilar zimmasidagi maʼmuriy yukni kamaytirishga qaratilgan.

Yigʻilish yakuniga koʻra, Oʻzbekiston 2027-yil uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga raislik qiluvchi davlat etib saylandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102419 | Инструменты