So‘nggi yillarda dunyo endokrinologlari xavotir bilan tilga olayotgan global muammolar soni yana bittaga ko‘paydi. Bu — bolalarda uchrayotgan semizlik!
YUNISEF tomonidan kuni kecha eʼlon qilingan navbatdagi hisobot shu mavzu tahliliga bag‘ishlangan.
Unda qayd etilishicha, jahon bo‘yicha ilk bor ortiqcha vaznga ega bolalar soni kam vaznli o‘g‘il-qizlar miqdoridan oshib ketgan. Tadqiqotchilar buni nosog‘lom ovqatlanish ratsioni, yaʼni arzon va yuqori kaloriyali mahsulotlar isteʼmoli ommalashgani bilan bog‘lamoqda.
Xususan, dunyoda 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har besh bola va o‘smirdan biri, boshqacha aytganda, 391 million nafar o‘g‘il-qiz ortiqcha vaznga ega. Ularning bir qismi semizlikdan aziyat chekmoqda.
YUNISEF hisoboti 190 dan ortiq mamlakatda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijalariga asoslangan. Maʼlumotlarga ko‘ra, 2000 yildan beri yuqorida qayd etilgan yosh toifasiga mansub bolalar o‘rtasida semirish darajasi 3 foizdan 9,4 foizga oshgan.
Bu boradagi rekord ko‘rsatkich Tinch okeanidagi orol-davlatlar — Niue (38 foiz), Kuk orollari (37 foiz) va Nauru (33 foiz) hududiga to‘g‘ri keladi.
Shu bois mutaxassislar, transyog‘larga to‘yingan “fast-fud”lar, shirinliklar, yuqori kaloriyali oziq-ovqatlar, gazli va rangli ichimliklar o‘rniga ko‘proq tabiiy mahsulotlar, meva-sabzavotlar isteʼmol qilish orqali muammoga samarali yechim topish mumkin, degan xulosada.
Qolaversa, bo‘sh vaqtini televizor, kompyuter qarshisida yoki har xil gadjetlarda o‘tkazadigan o‘g‘il-qizlar safi kengayayotgani muammoning yana bir xavotirli omilidir.
Shundan kelib chiqib, YUNICEF bolalar ovqatlanish ratsionini qatʼiy nazorat qilish, oziq-ovqat mahsulotlarini markirovkalash, ayrim yegulik va ichimliklar marketingini cheklash hamda maktablarda ularning sotuvini taqiqlash yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91122 | Инструменты