Toshkent avtobuslarida 2026-yil boshidan buyon yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan 158,2 mingdan ortiq yo‘lovchiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Yil boshidan buyon poytaxt jamoat transportida to‘lov intizomini buzgan shaxslardan 3,66 mlrd so‘mdan ortiq jarima undirildi. Birgina noyabr oyining 22 kuni ichida 19,4 mingdan ziyod qoidabuzarlik qayd etilgan. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Toshkent shahrida avtobus yo‘lovchilari o‘rtasida to‘lov intizomini mustahkamlashga qaratilgan nazorat tadbirlari davom etmoqda.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yil 1–22-noyabr kunlari o‘tkazilgan reydlar davomida yo‘l haqini to‘lamasdan harakatlangan yo‘lovchilarga nisbatan 19 457 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan. Bu kuniga o‘rtacha 884 ta qoidabuzarlik aniqlanganini bildiradi. Yil boshidan buyon tuzilgan jami bayonnomalar soni esa 158 237 taga yetgan.
22-noyabr holatiga ko‘ra, undirilgan jarimalarning umumiy miqdori 3 mlrd 661,9 mln so‘mdan oshgan. Shundan qariyb 450 mln so‘mi noyabr oyining dastlabki 22 kuniga to‘g‘ri keladi.
Nazorat tadbirlari natijasida ayrim yo‘nalishlarda yo‘lovchilar oqimi ham o‘sgan. Xususan, 18–21-noyabr kunlari 8, 11, 14, 28, 93, 116 va 131-sonli avtobuslarda 449,8 ming nafar yo‘lovchi tashilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan haftaga nisbatan 1,3% ga ko‘paygan. Eng yuqori o‘sish 11-yo‘nalishda (11,2%) va 28-yo‘nalishda (5,4%) kuzatilgan. Mazkur 4 kun ichida ushbu yo‘nalishlarning o‘zida 1 228 ta bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112414 | Инструменты