Mazkur hujjat ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish hamda bolalarning maktabga sifatli tayyorlanish huquqini kafolatlashga qaratilgan.
Bugun, 24-noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda maktabgacha va maktab ta’limi tizimi integratsiyasini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
Ushbu hujjat bir yillik maktabga tayyorlovni majburiy umumiy o‘rta ta’limning dastlabki bosqichi sifatida belgilashni nazarda tutadi. Bu orqali ta’lim tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish maqsad qilingan.
Qonun loyihasi bilan “Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi va “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunlarga maktabga bir yillik majburiy tayyorlovni umumiy o‘rta ta’lim tizimiga kiritish, uni maktabgacha va umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarida tashkil etish, bolalarning mazkur tayyorlovdan o‘tish huquqini kafolatlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi maktabgacha va maktab ta’limi o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlash, bolalarni maktabga tayyorlash sifatini oshirish va ularning ta’lim olish huquqlarini kafolatlash hamda fuqarolarga xorijiy davlatdagi o‘qish faoliyati uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilinib, Senatga yuborildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 112414 | Инструменты