BMT: Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish 2026-yilda 325% ga oshdi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining yangi hisobotiga ko‘ra, 2026-yilda Afg‘onistonda afyun ko‘knorisi yetishtirish hajmi 325 foizga oshdi. Bu holat «Tolibon» tomonidan giyohvand moddalarga qo‘yilgan taqiqdan keyingi uch yil davomida kuzatilgan nisbatan past ko‘rsatkichlarning o‘rnini o‘zgartirib, vaziyatni teskari tomonga burdi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda 43 300 gektar maydonga ko‘knori ekilgan. 2025-yilda bu ko‘rsatkich taxminan 10 200 gektarni tashkil etgan edi.

Shunga qaramay ko‘knori maydonlari taqiqdan oldingi ko‘rsatkichlardan ancha kam. O‘sha vaqtda 200 000 gektardan ortiq joyga ko‘knori ekilar edi.

“2026-yilda Afg‘onistonda giyohvand moddalar taqiqi kuchsizlanayotgandek tuyulmoqda”, deyiladi hisobotda.

Ko‘knori yetishtirish Afg‘onistonning 34 ta viloyatidan 16 tasida aniqlandi. Bu 2025-yilgiga qaraganda 5 taga ko‘pdir. Ekin aniqlangan 13 ta viloyatda ko‘rsatkichlar sezilarli darajada oshgan.

Hosil va ishlab chiqarish hajmi ortdi

Ekin maydonlarining kengayishi opiy ishlab chiqarishning qariyb besh baravar oshishi bilan kuzatildi. UNODC ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda 2026-yilda 1466 tonna opiy ishlab chiqarildi. 2025-yili bu ko‘rsatkich 296 tonnani tashkil etgandi (o‘sish qariyb 400 foiz).

Tashkilot buni ekin maydonlarining kengaygani hamda yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lib, suv ta’minoti yaxshilangani bilan izohladi. O‘rtacha hosildorlik 2025-yildagi gektariga 29 kilogrammdan bu yil 33,8 kilogrammgacha ko‘tarildi.

O‘sish markazi — Badahshon viloyati

“Tolibon” taqiq kiritganidan beri Afg‘onistonda opiy yetishtirish markazi sezilarli darajada o‘zgardi. Mamlakat shimoliy-sharqi umumiy ko‘knori maydonlarining 76 foiziga ega bo‘ldi. Bu hududlar ilgari asosiy markaz bo‘lgan janubi-g‘arbiy hududlarni ortda qoldirdi.

Badahshon viloyatida eng katta o‘sish qayd etildi. Bu yerda ko‘knori ekin maydoni 344 foizga oshib, 2025-yildagi 6600 gektardan 2026-yil deyarli 29 500 gektarga yetdi.

Tahor viloyatida esa foiz hisobida yanada yuqori o‘sish kuzatildi. Ekin maydoni 274 gektardan 3400 gektarga yetdi (1100 foizdan ortiq o‘sish).

Shimoli-sharqiy viloyatlarning o‘ziga qariyb 33 000 gektar ko‘knori maydoni va 1090 tonna opiy to‘g‘ri kelmoqda. Bu mamlakatdagi umumiy ishlab chiqarishning to‘rtdan uch qismidir.

Mamlakatning an’anaviy opiy yetishtiruvchi janubiy va janubi-g‘arbiy hududlarida ham o‘sish kuzatildi. Hilmandda ekin maydoni 2025-yildagi 681 gektardan bu yil 3500 gektarga yetdi (400 foizdan ortiq o‘sish). Qandahorda esa 1560 gektar maydon qayd etilib, 2025-yilgidan uch baravardan ziyodga ko‘paydi.

Fermerlar ekinlarni yashirmoqda

UNODC ma’lum qilishicha, fermerlar yo‘q qilish va nazorat tadbirlariga moslashib, ekinlarni ko‘zdan panalashni boshlagan.

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali bug‘doy va arpa paykallari orasida ko‘knori ekilgan kichik maydonlar aniqlandi. Shuningdek, ayrim ekinlar devor bilan o‘ralgan hovlilar ichida yetishtirilgan.

Hilmand viloyatidagi ko‘knori maydonlarining 90 foizidan ortig‘ida yuqoridagi yashirish usullaridan foydalanilgan. Maydonlarning yarmidan ko‘pi g‘alla ekinlari orasida, 40 foizdan ortig‘i esa devor bilan o‘ralgan hududlarda ekilgan.

Daromad va narxlar

2026-yilda Afg‘oniston ichidagi savdogarlar opiydan 525 million dollar daromad olgan. Bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 2,7 foiziga va qishloq xo‘jaligi sektorining 8,5 foiziga teng.

Quritilgan opiy narxi 2026-yilda o‘rtacha 500 dollarni tashkil etdi. Bu 2025-yildagi 570 dollardan past, lekin taqiqdan oldingi gektariga 100 dollardan ancha yuqoridir.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 103014 | Инструменты