Toshkentda 14 kishidan iborat transmilliy narkojinoiy guruh qo‘lga olindi

Ichki ishlar vazirligi Toshkentda transmilliy jinoiy uyushma faoliyatiga aloqadorlikda gumonlanayotgan 14 kishi qo‘lga olingani haqida xabar berdi.Ma’lum qilinishicha, ular IIV Tezkor qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bojxona qo‘mitasi hamda xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikda Toshkentning Chilonzor, Yunusobod, Yangixayot, Bektemir va boshqa hududlarida oltita yo‘nalishda o‘tkazilgan keng qamrovli tezkor-qidiruv tadbirlari chog‘ida aniqlangan.Tadbirlar davomida nufuzli oliy ta’lim muassasasining 3-bosqichida tahsil oluvchi 2005-yilda tug'ilgan talaba internet-narkodo‘konda kladmen bo‘lib ishlagani aniqlangan. Uning boshqaruvidagi Onix rusumli avtomobil Yangixayot tumani hududidagi postda to‘xtatilib tekshirilganda, salon qismiga yashirilgan 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik moddasi aniqlangan. Giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor tadbirlarning ikkinchi yo‘nalishida esa jinoiy uyushmaning Namangan viloyatida faoliyat yuritib kelgan a’zosi qo‘lga olingan.

Tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilib, jinoiy sheriklarning har biri o‘zaro bog‘langan yagona narkotarmoqning bo‘g‘inlari sifatida fosh etilgan.

Xalqaro yo‘nalishdagi hamkorlik natijasida transmilliy jinoiy uyushma yetakchilaridan biri xorijiy davlat hududida yashirinib yurgani aniqlangan. U shu davlatning huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.

Transmilliy jinoiy uyushmaning O‘zbekiston hududidagi faoliyatiga aloqador shaxslarni aniqlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida uyushmaning 7 nafar omborchisi va ularga ishlagan 6 nafar zakladchik, shuningdek, uyushma yetakchilaridan biri qo‘lga olingan.

Shu tariqa, o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida transmilliy jinoiy uyushmaga aloqadorlikda gumonlanib, jami 14 kishi qo‘lga olingan.

Ulardan 2 kg 500 gramm alfa-PVP sintetik giyohvandlik vositasi protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan. IIV ma’lum qilishicha, ushbu miqdor 71 433 ta bir martalik dozaga teng.

Holat yuzasidan qo‘lga olingan gumonlanuvchilarning barchasiga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Eslatib o'tish joiz, Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismiga muvofiq, ko‘p miqdorda, uyushgan guruh tomonidan ikki yoxud undan ortiq davlat hududida yoki Internet tarmog‘idan foydalanib, giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadida qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish 15 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91011 | Инструменты