Ushbu jarayon O‘zbekiston, Shvetsiya va Polshaning vakolatli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirildi
Kecha, 9-sentabr kuni Shvetsiya va Polsha migratsiya qonunchiligini buzgan 27 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarildi. Ushbu jarayon O‘zbekiston, Shvetsiya va Polshaning vakolatli idoralari o‘rtasidagi hamkorlik doirasida amalga oshirildi.
Toshkentga kelgan yo‘lovchilarni Tashqi ishlar vazirligi va boshqa mutasaddi idoralar vakillari kutib oldi. Fuqarolar vatanga qaytishga ko‘maklashgani va ko‘rsatilgan yordam uchun mamlakat rahbariyati hamda vakolatli organlarga samimiy minnatdorlik bildirdi.
Ushbu chora-tadbirlar O‘zbekistonning xalqaro majburiyatlarga va mezbon davlatlar qonunchiligiga rioya qilgan holda o‘z fuqarolarining xorijdagi huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan izchil siyosatini aks ettiradi.
Shu bilan birga, xorijga chiqayotgan fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish va migratsiya qonunchiligi buzilishining oldini olish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 91011 | Инструменты