Ta’lim, tibbiyot, sud va mahalla tizimida yangi bosqich: Prezident milliy dasturlar bo‘yicha farmon imzoladi

Joriy yil 10-noyabr kuni “Inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni qabul qilindi. 

Unga ko'ra, bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish, aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash, yuqori texnologiya va mehnat unumdorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish Milliy dasturlarni amalga oshirishning asosiy maqsadlari etib belgilandi.

Quyidagilar bilim va malakani taraqqiyotning asosiy kapitaliga aylantirish bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- 6 yoshli bolalarni maktabga tayyorlov guruhlari bilan to‘liq qamrab olish;
- nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish bo‘yicha amaldagi imtiyozlarni saqlab qolish va ularning samaradorligini baholash;
- barcha umumta’lim maktablarini bosqichma-bosqich xalqaro baholash dasturlari bilan qamrab olish;
- kamida 10 ta oliy ta’lim tashkilotini nufuzli xalqaro reytinglarining top-1000 talik ro‘yxatiga kiritish;
- 10 mln nafar yoshni raqamli industriya va kelajak kasblariga jalb qilish va boshqalar.

Shuningdek, farmonga ko'ra, quyidagilar aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazish;
- sog‘liqni saqlash tizimida profilaktikaga asoslangan salomatlikni asrash modeliga o‘tish;
- ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam sohasida raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasini jalb qilish va boshqalar.

Quyidagilar sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- huquqiy tarbiya va huquqiy savodxonlikni umumta’lim maktablaridan boshlab tizimli asosda yo‘lga qo‘yish;
- kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish choralarini kuchaytirish;
- xotin-qizlar va bolalar huquqlarini kamsitishga qarshi kurashni kuchaytirish va boshqalar.

Quyidagilar mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirish bo‘yicha milliy dasturning asosiy yo‘nalishlari etib belgilandi:

- davlat dasturlarini mahallalarning talab va ehtiyojlari asosida shakllantirish;
- mahalla buyurtmalari yuzasidan 30 kunlik muddatda asoslantirilgan qaror qabul qilish tartibini joriy etish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111116 | Инструменты