Renovatsiyaga tushgan uy egalariga Yangi Toshkentdan 150 foizgacha kengroq xonadon berilishi mumkin

Toshkent shahrida renovatsiya doirasida ko‘chib o‘tish va uy-joy sharoitini yaxshilashni rejalashtirayotgan aholini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan yana bir imkoniyat paydo bo‘lmoqda. Gap “Toshkent Invest Kompaniyasi” AJ uy-joy loyihalarini amalga oshirayotgan Yangi Toshkent hududidan xonadonlar ajratish haqida bormoqda.

Ushbu yangi mexanizm O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 10-noyabrdagi PF-243-son Farmonida nazarda tutilgan.

Mazkur taklifning o‘ziga xosligi nimada?

Yangi Toshkent hududida mulkdorlarga mavjud xonadoni maydonidan tortib, uning dastlabki maydonining 150 foizigacha hajmda uy-joy berish ko‘zda tutilmoqda. Masalan, agar oilaning xonadoni 50 m² bo‘lsa, variantlardan biri sifatida maydoni 75 m² gacha bo‘lgan yangi uy-joy taklif etilishi mumkin.

Boshqa yechimlar ham mavjud. Jumladan, 70 m² maydonga ega bitta xonadon o‘rniga oilaga 105 m² gacha bo‘lgan bitta kengroq uy yoki ikkita alohida xonadon, masalan, 45 va 60 m² maydonli uylar taklif qilinishi mumkin.

Muhim: bular qat’iy kafolatlangan shartlar emas, balki shartli misollardir.

Har bir holat ko‘chmas mulkning xususiyatlari hamda mulkdorlarning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda individual tartibda ko‘rib chiqiladi. Takliflarni tayyorlashga mustaqil tashkilotlar jalb etiladi, xonadonlar maydoni, soni va boshqa shartlar esa tomonlar bilan kelishiladi.

Ayrim oilalar uchun o‘zlari o‘rgangan tumanda qolish muhim bo‘lsa, boshqalar uchun kengroq uy-joyga ega bo‘lish yoki jadal rivojlanayotgan Yangi Toshkentga ko‘chib o‘tish afzalroqdir.

Eng muhimi, endilikda renovatsiya doirasida har bir oilaning manfaatlarini inobatga olgan holda maqbul yechim topish imkonini beruvchi yana bir yo‘l paydo bo‘lmoqda.

Shu bilan birga, asosiy tamoyillar o‘zgarishsiz qoladi: mulkdorlarning huquqlarini himoya qilish, jarayonlarning shaffofligi va kompensatsiya shartlarini kelishish.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111620 | Инструменты