Bugundan bank ilovalarida ro‘yxatdan o‘tish va P2P o‘tkazmalarni tasdiqlash tartibi o‘zgardi

Bugun, 16-noyabrdan Markaziy bankning masofaviy moliyaviy xizmatlar xavfsizligiga oid nizomiga kiritilgan oʻzgartishlar kuchga kirdi.

Bundan keyin banklar va toʻlov tashkilotlari P2P oʻtkazmalarda OTP-kod yoki muqobil usul orqali tasdiqlash talab etilmaydigan eng yuqori summani mustaqil belgilaydi. Ushbu chegaradan yuqori oʻtkazmalar esa majburiy tasdiqlanadi. Tasdiqlash talab etilmagan oʻtkazmalarda firibgarlik sodir etilsa, bank yoki toʻlov tashkilotining oʻzi javobgar boʻladi.

Shuningdek, telefon raqami yaqin qarindosh nomida boʻlgan fuqarolar ham bank ilovasida roʻyxatdan oʻtishi mumkin. Buning uchun qarindoshlik munosabati tasdiqlanishi talab etiladi.

Ilovada roʻyxatdan oʻtish, parolni tiklash va akkauntga boshqa qurilmadan kirishda biometrik identifikatsiyadan oʻtish kerak. Oʻz navbatida bank kartasini ilovaga biriktirishda biometriya shart emas — OTP-kod orqali tasdiqlash yetarli boʻladi.

Akkauntga boshqa qurilmadan kirilganda yoki parol tiklanganda, ilovadagi kartalar oʻchirilmaydi. Ular vaqtincha nofaol holatga oʻtkaziladi va OTP-kod yordamida qayta faollashtiriladi.Bundan tashqari, qurilmada zararli dastur yoki masofadan boshqarish vositasi aniqlansa, bank mijozni SMS bilan birga PUSH-bildirishnoma orqali ham ogohlantiradi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111620 | Инструменты