Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida har bir fuqaroning shaxsiy kabineti orqali uning davlat tibbiy sug‘urtasi doirasidagi huquqiy maqomi, foydalanishi mumkin bo‘lgan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxatini aks ettiruvchi elektron polis joriy etiladi.
O‘zbekistonda aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash uchun bir qator choralar amalga oshiriladi.
11-noyabr kuni Prezident farmoni bilan 7 ta milliy dastur va ularni 2027–2031-yillarda amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan. Dasturlardan biri aholining sog‘lom va uzoq umr ko‘rishini ta’minlash bo‘lib, buni amalga oshirish uchun bir nechta maqsadlar belgilandi.
Jumladan, salomatlikka davlat xarajatlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi oshiriladi. Bu ulush 2027-yilda 3,2 foizga, 2028-yilda 3,7 foizga, 2029-yilda 4,1 foizga, 2030-yilda 4,6 foizga 2031-yilda 5 foizga yetkaziladi.
Ajratilayotgan mablag‘lar samaradorligini baholab borish maqsadida sog‘liqni saqlash sohasida qabul qilingan rivojlantirish dasturlaridan kelib chiqib maqsadli ko‘rsatkichlar belgilanadi.
2027-yil yanvarigacha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqiladi:
- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatishning yangi modelini bosqichma-bosqich barcha hududlarda joriy etish,
- aholiga birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini ko‘rsatishda oilaviy shifokorlar ulushini 70 foizga yetkazish;
- aholi orasida sog‘lom turmush tarzi, sog‘lom ovqatlanish, sog‘lom va faol keksalikni ta’minlash choralarini belgilash,
- “Aqlli sog‘liq xaritasi” dasturi orqali har bir fuqaro uchun yoshi, jinsi va xavf omillariga qarab individual profilaktik ko‘riklar rejasini shakllantirish.
2027—2030-yillar davomida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida har bir fuqaroning shaxsiy kabineti orqali uning davlat tibbiy sug‘urtasi doirasidagi huquqiy maqomi, foydalanishi mumkin bo‘lgan bepul tibbiy xizmatlar va dori vositalari ro‘yxatini aks ettiruvchi elektron polis joriy etiladi.
Davlat tibbiy sug‘urtasi doirasida tegishli huquq yoki xizmat mavjudligi haqida fuqaroga SMS va YIDXPdagi shaxsiy kabineti orqali xabarnoma yuborish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Har bir bemorga kafolatlangan paket doirasida reimbursatsiya dasturi bo‘yicha dorixonalardan bepul beriladigan dori vositalari turi 2027-yildan 28 tadan 69 tagacha yetkaziladi.
Hujjatda belgilanishicha, SSV va Ijtimoiy himoya milliy agentligi rejali ambulator gemodializ oluvchi bemorlarning davolash muassasasiga borib-kelish xarajatlarini ijtimoiy karta orqali qoplash mexanizmini yaratish bo‘yicha 2026-yil dekabriga qadar takliflar kiritishi lozim.
Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobatni kuchaytirish uchun dunyoning kamida 5 ta nufuzli klinikasi jalb qilinadi. Bunda 2027—2030-yillar davomida yetakchi xorijiy klinikalar bilan muzokaralar o‘tkaziladi. Tanlov asosida xorijiy klinikalar bilan bitim imzolanadi.
Bundan tashqari, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim bilan qamrovi oshiriladi. 2027—20230-yillarda oliy tibbiy ta’lim muassasalarining o‘quv dasturlari bosqichma-bosqich Butunjahon tibbiy ta’lim federatsiyasi (WFME) standartlariga muvofiqlashtiriladi va akkreditatsiyadan o‘tkazish dasturi joriy qilinadi.
Bundan avval dori vositalarini retsept bilan va retseptsiz beriladigan toifalarga kiritish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekistonda 2027-yilda sog‘liqni saqlash sohasiga 61,4 trillion so‘m yo‘naltirish rejalashtirilgan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111620 | Инструменты