“Yangi hayot” dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab mahkumlar oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va masofaviy shaklda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish huquqiga ega bo‘ladi. Barcha koloniyalardagi mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkaziladi. Jazoni ijro etish muassasalari kutubxonalarida “Mutolaa” elektron platformasidan foydalanish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
2026-yil 16-noyabr kuni Prezidentning “Jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni ozodlikka tayyorlash va ijtimoiylashuvini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ–397-sonli qarori qabul qilindi. Hujjat jazo muddatini o‘tayotgan shaxslarni jamiyatga moslashtirish va takroriy jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan.
Qarorga muvofiq, 2027/2028-o‘quv yiliga qadar muassasalarda 310 ta o‘quv va 420 ta amaliy mashg‘ulot xonalari tashkil etiladi. 2030-yilga qadar mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy qilinadi. Har yili kamida 15–20 ming nafar mahkum zamonaviy va talabgir kasblarga o‘qitiladi.
Mahkumlarni kasb-hunarga o‘rgatish hisobiga takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish ko‘zda tutilgan.
“Yangi hayot” dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan boshlab mahkumlar oliy ta’lim tashkilotlariga kirish va masofaviy shaklda to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish huquqiga ega bo‘ladi. O‘qishga qabul qilingan talabalar uchun koloniyalarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi.
Shuningdek, mahkumlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida bir qator yangiliklar joriy etilmoqda. Xususan, yosh mahkumlar orasidan saylov yo‘li bilan yoshlar faollari tanlanadi va ular har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravari miqdorida rag‘batlantirib boriladi.
Barcha koloniyalardagi mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkaziladi. Jazoni ijro etish muassasalari kutubxonalarida “Mutolaa” elektron platformasidan foydalanish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111723 | Инструменты