Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ayrim xodimlari uchun mehnatga haq to‘lash shartlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Hujjatga ko‘ra, hisobchilar va kadrlar bo‘yicha inspektorlarga ko‘p yillik ish staji uchun lavozim maoshining 120 foizigacha oylik ustama to‘lanadi.
Adliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimidagi ta’lim muassasalarining ayrim lavozimlari uchun mehnatga haq toʻlash shartlarini roʻyxatdan oʻtkazdi (roʻyxat raqami 3975, 2026 yil 16 noyabr).
Mazkur idoraviy hujjat bilan quyidagilarning bosh hisobchilari (yetakchi hisobchi va hisobchilari) hamda kadrlar boʻyicha inspektorlari uchun tarif razryadlari va koʻp yillik ish staji uchun toʻlanadigan oylik ustamalar belgilanmoqda:
Reabilitatsiya markaziga ega boʻlgan koʻp tarmoqli davlat ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
Koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan va qoʻshma turdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
Eksperimental maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
Ixtisoslashtirilgan maktablar;
Koʻp funksional inklyuziv-resurs maktablar;
Koʻp tarmoqli maktab va maktab-internatlar;
Ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar;
Maxsus texnikumlar;
Koʻp funksional inklyuziv-resurs markazi.
Bunda koʻp yillik ish staji uchun lavozim maoshiga nisbatan quyidagi miqdorlarda har oylik ustama toʻlanishi belgilanmoqda:
- 1 yildan 3 yilgacha ish staji uchun — 30%;
- 3 yildan 5 yilgacha ish staji uchun — 60%;
- 5 yildan 10 yilgacha ish staji uchun — 80%;
- 10 yildan 15 yilgacha ish staji uchun — 100%;
- 15 yil va undan ortiq ish staji uchun — 120%.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111723 | Инструменты