Banklar muammoga uchraganda omonatchilarning pullari nima bo‘ladi? Yangi tartib tasdiqlandi
2026-yil 16-noyabr kuni Adliya vazirligi “Banklarni sanatsiya qilish tartib-taomillarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi idoraviy hujjatni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Mazkur hujjat “Banklarni sanatsiya qilish va tugatish to‘g‘risida”gi Qonun ijrosini ta’minlash, omonatchilar manfaatlarini himoya qilish hamda bank xizmatlarining uzluksizligini saqlab qolish maqsadida qabul qilindi.

Banklarni sanatsiya qilish — bu moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan bankning muhim xizmatlarini saqlab qolish va tizim barqarorligini ta’minlashga qaratilgan maxsus chora-tadbirlar majmuidir. 

Yangi hujjatga ko‘ra, ushbu jarayonda uchta asosiy vosita qo‘llaniladi:

Aktivlar va majburiyatlarni o‘tkazish. Muammoli bankning aktivlari va majburiyatlari, jumladan kredit va omonatlari boshqa barqaror bankka o‘tkaziladi yoki sotiladi.

Oraliq bankni tashkil etish. Bankning muhim xizmatlarini uzluksiz davom ettirish uchun 2 yilgacha faoliyat yurituvchi vaqtinchalik bank tuziladi.

Hisobdan chiqarish va konvertatsiya qilish. Bank zararlarini qoplash maqsadida uning kapitali va ayrim majburiyatlari kamaytiriladi yoki aksiyalarga aylantiriladi.

Kafolatlangan omonatlar, shuningdek, ularning kafolatlash chegarasidan oshadigan qismi ham hisobdan chiqarilmaydi va aksiyalarga aylantirilmaydi.

Omonatlar boshqa bankka o‘tkazilgan taqdirda, mijozlardan yangi bank hisobvarag‘i shartnomasini qayta tuzish talab etilmaydi.

Aktivlar boshqa yoki oraliq bankka o‘tkazilganda, mijozlarga ko‘rsatilayotgan bank xizmatlarining uzluksizligi to‘liq ta’minlanadi.

Bankning moliyaviy zararlari birinchi navbatda uning aksiyadorlari hisobidan qoplanadi.

Sanatsiya davrida bank faoliyatini yuritish uchun maxsus boshqaruvchi tayinlanishi mumkin bo‘lib, uning ishi Markaziy bank tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Bankni sanatsiya qilish haqidagi qaror jamoatchilikka ochiq e’lon qilinadi — ma’lumotlar Markaziy bank hamda tegishli bankning rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalariga joylashtiriladi.
Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 111723 | Инструменты