Prezidentning 27-oktabrdagi farmonlari bilan milliy kinematografiya sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun yosh kinorejissyorlar Munisa Magametibragimova hamda Mariya Musakova “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni
O‘zining yorqin iste’dodi va mahorati, izlanuvchanligi bilan mamlakatimizda kino san’atini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shayotgani, xususan, “Tinchlik uchun rahmat”, “Skotch” kabi qisqa metrajli hamda “Shimoliy azon” nomli hujjatli filmlari orqali xalqimizning badiiy-estetik va ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, milliy qadriyatlarimizni aks ettiradigan badiiy obrazlarni yaratish, yosh avlod qalbida ona Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ularini kuchaytirish borasida alohida faollik ko‘rsatib kelayotgani uchun Bolalar kontentini rivojlantirish markazi bosh mutaxassisi, kinorejissyor Magametibragimova Munisa Ibroxim qizi “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlansin.
Mamlakatimizda kinematografiya sohasini rivojlantirish, milliy kino san’atimizni jahon miqyosida targ‘ib etishga qo‘shgan munosib hissasi, AQSH, Germaniya va Pokiston davlatlarida o‘tkazilgan nufuzli xalqaro kinofestivallarda “Ovozlar” hujjatli filmi bilan muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgani, yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning iqtidor va qobiliyatlarini ro‘yobga chiqarish, navqiron avlodni milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ibratli faoliyati uchun “Fokus” kino va teatr maktabi asoschisi, kinorejissyor Musakova Mariya Zulfixarovna “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlansin.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102803 | Инструменты