Ozarbayjonning “AzerGold” kompaniyasi O'zbekistonda ro'yxatdan o'tdi, u Qashqadaryodagi oltin konida qidiruv ishlari olib borishi mumkin

“AzerGold Uzbekistan” MChJ — “AzerGold”ning xorijdagi ilk shoʻba korxonasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasida rasman roʻyxatdan oʻtdi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati rasmiy axborot berdi. Kompaniya togʻ-kon sanoati va geologiya-qidiruv sohalarida Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi strategik ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan.

Korxonaning asosiy faoliyat yoʻnalishi Oʻzbekistonning Qashqadaryo viloyatida joylashgan Akba oltin konida kompleks geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, mineral resurslarni baholash hamda konda qidiruv ishlarining tijoriy jihatdan maqsadga muvofiqligini oʻrganishdan iborat.

Hozirgi vaqtda Akba oltin konida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun zarur boʻlgan ruxsatnomalarni olish jarayonlari ketmoqda. Oʻzbekiston Hukumati loyihaga doir tegishli qarorni qabul qilib, litsenziya berganidan soʻng, 18 oyga moʻljallangan geologiya-qidiruv ishlari boshlanadi.

Ushbu davr mobaynida kon boʻyicha mavjud geologik maʼlumotlarni tahlil qilish, qoʻshimcha geologiya-qidiruv ishlarini oʻtkazish, mineral resurslarni xalqaro JORC (Joint Ore Reserves Committee) standartlariga muvofiq baholash, metallurgik sinovlarni oʻtkazish, atrof-muhitga taʼsirni baholash, shuningdek, potensial qazib olish va qayta ishlash texnologiyalarini oʻrganish rejalashtirilgan. Konni sanoat miqyosida oʻzlashtirishning texnik-iqtisodiy jihatlarini baholash uchun yakuniy texnik-iqtisodiy asos (TIA/Feasibility Study) tayyorlanadi. Natijalar asosida oltin konidan kelgusida foydalanish boʻyicha investitsiya loyihasi loyihasi ishlab chiqiladi va Oʻzbekistonning tegishli davlat organlariga taqdim etiladi.

Taʼkidlash joizki, joriy yilning 17-iyun kuni “AzerGold” va Oʻzbekiston Respublikasi Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi oʻrtasida Qashqadaryo viloyatidagi Akba oltin konini birgalikda oʻzlashtirish boʻyicha hadli bitim imzolangan edi. Ushbu hujjat togʻ-kon sohasida ikki mamlakat oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish va kon resurslarini baholash uchun huquqiy asos yaratdi.

“AzerGold” ning Oʻzbekistondagi yana bir muhim rejalashtirilgan yoʻnalishi — mamlakatdagi mineral resurslarni birgalikda geologik qidirish hisoblanadi. Shu maqsadda, 2026-yil 17-iyul kuni “AzerGold” QAJ, “Oʻzbekgeologorazvedka” aksiyadorlik jamiyati va Ozarbayjon-Oʻzbekiston investitsiya kompaniyasi oʻrtasida uch tomonlama hamkorlikning asosiy shartlarini belgilovchi hujjat imzolandi.

Loyiha doirasida Oʻzbekistonning Navoiy va Nurota shaharlari oraligʻidagi hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini olib borish uchun qoʻshma korxona tashkil etilishi koʻzda tutilgan. Hozirgi vaqtda korxonaning taʼsis hujjatlarini kelishish va zarur davlat ruxsatnomalarini olish boʻyicha tegishli ishlar olib borilmoqda.

Qoʻshma korxona tuzilganidan soʻng, bosqichma-bosqich geologik oʻrganish va qidiruv ishlari amalga oshiriladi. Loyiha uchun dastlabki 2 yillik davrni qamrab oluvchi geologiya-qidiruv va moliyalashtirish rejasi tayyorlangan. Agar qidiruv ishlari natijasida iqtisodiy jihatdan foydali boʻlgan mineral zaxiralar aniqlansa, tomonlar ushbu konlarni birgalikda oʻzlashtirish va tegishli investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini koʻrib chiqadilar. Bundan tashqari, ayni paytda tomonlar Ozarbayjon va Oʻzbekistonda joylashgan, oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa foydali qazilma konlarini ham birgalikda qidirish va oʻzlashtirish imkoniyatlarini muhokama qilmoqdalar.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102715 | Инструменты