Prezident Shavkat Mirziyoyev Antaliyada o‘tayotgan COP31 sammiti doirasidagi Jahon yetakchilari yalpi majlisida nutq so‘zlab mintaqaviy iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusini ilgari surdi. Davlat rahbari Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida ushbu yo'nalishdagi hamkorlikni axborot, texnologik va moliyaviy sohalarda boshlash taklifini kiritdi.
Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Antaliya shahrida o‘tayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasi (COP31) maydonidagi Jahon yetakchilari sammitida ishtirok etdi. Unda davlat rahbari mamlakatda "yashil" texnologiyalar va resurslardan oqilona foydalanish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarni qator muhim raqamlar orqali bayon qildi.
Xususan, mamlakat yalpi ichki mahsulot birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish rejasini muddatidan oldin bajargani hamda 2035-yilgacha bu ko‘rsatkichni 50 foizga yetkazish belgilangani qayd etildi. Shuningdek, so‘nggi o‘n yillikda iqtisodiyotda suv sarfi qariyb ikki baravarga qisqarib, sug‘oriladigan maydonlarning 60 foiziga suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. O‘rmonlar maydoni esa 6 million gektarga ortib, uning uchdan bir qismi bevosita Orolbo‘yi hissasiga to‘g‘ri keldi.
O‘zbekistonda yuritilayotgan davlat siyosatida yoshlar masalasi markaziy o‘rin tutishi alohida ta’kidlandi.
– Mamlakatimizda bolalarning ekologik tarbiyasi oila, mahalla va maktabdan boshlanadi. Yosh avlodga suvni tejash, daraxtlarni parvarish qilish, atrof-muhitni toza va ozoda saqlash bog‘chadanoq o‘rgatiladi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Yurtning har beshinchi fuqarosi maktab o‘quvchisi yoki talaba ekani qayd etildi. Bu esa 2050-yilga borib O‘zbekiston aholisining to‘rtdan uch qismi tabiatga g‘amxo‘rlik ruhida ta’lim olishini anglatadi.
Prezident kelgusidagi qo‘shma sa’y-harakatlar borasida o‘z nuqtayi nazarini bayon qilib, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga hech bir davlat yakka o‘zi yechim topa olmasligini ta’kidladi.
– Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi, – dedi davlat rahbari.
Shu munosabat bilan mintaqaviy Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha boshlash maqsadga muvofiqligi bildirildi.
Birinchisi – axborot yo‘nalishi. Bu borada Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar almashinuvi infratuzilmasini yaratishga kirishish taklif etildi.
Ikkinchisi – texnologik yo‘nalish. «Eco Expo» ko‘rgazmasini mintaqamizga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishga tayyorlik bildirildi.
Uchinchisi – moliyaviy yo‘nalish. Mahalliy sharoit va ehtiyojlar hisobga olinadigan barqaror moliyalashtirishni ta’minlash uchun taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda yangi ko‘mak vositalari – imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.
Nutq yakunida Shavkat Mirziyoyev barcha ishtirokchilarni ushbu integratsiya modelini hayotga faol tatbiq etishga chaqirib, uni boshqa manfaatdor mintaqalarda ham qo‘llash mumkinligini qayd etdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111201 | Инструменты