Fabio Kannavaro va Eldor Shomurodov Portugaliyaga qarshi o‘yin haqida fikr bildirdi

O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro va jamoa futbolchilari JCh-2026 2-turidan o‘rin olgan Portugaliya milliy jamoasiga qarshi uchrashuvdan (5:0) so‘ng jurnalistlarga intervyu berdi. 

Fabio Kannavaro

"Albatta jahon chempionatidagi ilk ishtirok oson bo‘lmasligi tabiiy. Qur’a natijalari chiqqanidan so‘ng Kolumbiya va Portugaliyani ko‘rib, bizni juda qiyin guruh kutayotganini kutgandik.

Kolumbiyaga qarshi o‘yindan keyin ham jamoamdan faxrlanishimni aytgandim, bugun ham jamoam bilan faxrlanaman. Chunki ularni ko‘rdim. Ha, qiyinchiliklarga duch kelishdi, ammo bir soniya ham taslim bo‘lishmadi.

Albatta, barcha chiziqlarda yuqori saviyadagi futbolchilarga ega jamoaga qarshi o‘ynash doim qiyin. Shubhasiz, ular juda katta motivatsiya bilan maydonga tushishgan edi. Biroq aytganimdek, bu jahon chempionati biz uchun tajriba". 

Eldor Shomurodov

"Birinchi navbatda, bu turnir O‘zbekiston futboli uchun juda katta tajriba bo‘lmoqda. Biz qanaqa yutkazgan taqdirimizda ham, bu narsadan O‘zbekiston ko‘p narsa yutdi, deb o‘ylayman. Shunga qaramay, yirik hisobda uchralgan mag‘lubiyat uchun muxlislardan uzr so‘raymiz. Bugungi natija (Kolumbiya-Kongo uchrashuvi natijasi)ga qarab, 3-turda oxirgi imkoniyatimiz bo‘ladi. 3-o‘yinda jahon chempionatidagi birinchi g‘alabamizni qo‘lga kiritishga harakat qilamiz.

Bizni qo‘llab turgan barcha muxlislarga rahmat aytamiz. Bunaqa mag‘lubiyat uchun uzr so‘raymiz. Keyingi o‘yinlarda qo‘llab turishlarini so‘raymiz". 

Abbos Fayzullayev

"Bugun himoyada ulgurmaganimiz sababi – raqib hujumchilarining darajasi ham kuchli. Dunyodagi eng kuchli yarimhimoyaga ega jamoaga qarshi o‘ynadik va bu biz uchun katta tajriba bo‘ldi. O‘zbekligimdan va shu bayroq ostida terma jamoamizni himoya qilayotganimdan juda ham faxrlanaman. Yutkazgan paytimizda ham, yutgan paytimizda ham borimizni berib, butun terma jamoa O‘zbekiston uchun o‘ynaymiz".

Behruz Karimov

"O‘yindan oldin murabbiyimiz Krishtianu Ronalduni "The Best" deb ta’rifladi. Raqibning har bir o‘yinchisi kuchli bo‘lgani uchun ularning har biriga ko‘rsatma berildi, lekin aynan Ronalduni yopamiz, deyilmadi. Chunki Ronalduni yopsak, uning atrofidagi o‘yinchilar ham tajribali".

Ravshan Ermatov (O‘FA birinchi vitse-prezidenti)

"2:0 vaqtida golimiz hisoblaganda edi... Salgina adolatsiz bo‘ldi. Nima bo‘lganda ham biz rivojlanish bosqichidan o‘tyapmiz. Hurmatli prezidentimiz hamma sharoit yaratib bergan. Ozgina vaqt kerak. 1-sinf bolasi 9-sinf bolasi bilan raqobatlasha olmaydi. Biz 1-sinf bo‘lsak, ular 9-sinf. O‘zbekistonda katta salohiyat bor. Yillar o‘tib Portugaliyadek jamoalar ham O‘zbekistonga qarshi qo‘rqib tushadigan bo‘ladi.

Bu musobaqa biz qayerda ekanimizni, nimaning ustida ishlashimizni ko‘rsatib beradigan ilk tajriba bo‘ldi".

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62410 | Инструменты